O‘zbekiston milliy universiteti Rektori Avazjon Maraximov boshchiligidagi universitet delegatsiyasi 2018 yilning 13-20 fevral kunlari Isroilning Xolon texnologiya institutiga universitetlar o‘rtasida zamonaviy innovatsion o‘quv dasturlar va izlanishlar sohasida akademik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqish uchun tashrif buyurdi.
2018 yilning 14 fevral kuni ishchi guruh a'zolari Isroilning Xolon texnologiya instituti Prezidenti, Professor Eduard Yakubov tomonidan qabul qilindi.
O‘zbekiston milliy universiteti Rektori Avazjon Maraximov tomonidan Vatanimiz haqida va hozirda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar va yaqin bir yil ichida erishilgan yutuqlar, O‘zbekiston milliy universiteti tarixi, tarkibiy tuzilmasi va faoliyati to‘g‘risida ma'lumot berildi.
O‘zbekiston milliy universiteti va Xolon texnologiya instituti o‘rtasida zamonaviy innovatsion o‘quv dasturlar ishlab chiqish, qisqa va uzoq muddatli professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, izlanishlar sohasida akademik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqish, multidistsiplinar dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda Milliy universitet negizida Xolon texnologiya universiteti fakultetini tashkil etish masalalari kelishildi.
Xolon texnologiya instituti, Samarqand davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalar universiteti ishtirokida onlayn videoaloqa o‘rnatilib, o‘zaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yangi ochilayotgan magistratura yo‘nalishlari uchun o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv dasturlar ishlab chiqish masalalari bo‘yicha kelishib olindi.
Xolon shahridagi Autizm sindromi bilan kasallangan bolalar uchun mo‘ljallangan musiqa maktabida bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘qitish metodikasi bilan tanishildi.
Xolon texnologiya instituti o‘quv laboratoriyalari bilan tanishildi, jumladan, Innovatsion markaz laboratoriyalari, 3D modellashtirish laboratoriyasi (Design & Manufacturing), Kompyuter havfsizligi, Robotexnika kabi laboratoriyalarining ish faoliyati va texnik jihozlanishi bilan tanishildi. Shu bilan bir qatorda, ushbu laboratoriyalarda ish olib borayotgan talabalarning real yutuqlari va ushbu yutuqlarning insonlarning kundalik hayotidagi muhim ahamiyati qayd etildi.
2018 yilning 15 fevral kuni ishchi guruh a'zolari Isroilning Xayfa shahridagi Texnion (Isroil texnologiya instituti) institutiga tashrif buyurishdi.

O‘zbekiston milliy universiteti rektori A.Maraximov hamda Matematik analiz kafedrasi mudiri, akademik A.Sa'dullayev va Isroil matematiklar assotsiatsiyasi Prezidenti, professor Kobi Rubinshteyn o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston milliy universiteti va Texnion instituti o‘rtasida amaliy matematika va matematik muxandislik yo‘nalishlarida qisqa muddatli professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda matematik izlanishlar sohasida akademik aloqalarni rivojlantirishga kelishildi. Hususan, professor Kobi Rubinshteynning 2018 yil aprel oyida O‘zbekiston milliy universitetiga 2 haftalik seminar-trening o‘tkazish uchun tashrif buyurishi kelishib olindi.















