O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi.

Prezident matbuot xizmati xabarida mamlakat turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanilmagani, turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmagani, hamma o‘z bilganicha faoliyat yuritib kelgani qayd etib o‘tilgan.

Davlat rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq sayyohlik mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida belgilandi. Prezidentning 2017 yil 16 avgustidagi qarori bilan 2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Joriy yil fevral oyining o‘zida Prezidentning shu sohaga doir 4ta muhim farmon va qarori qabul qilingani hukumatning turizm rivojiga yuksak e'tiboridan dalolat bo‘ldi. Ushbu qarorlar bilan sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi, ichki turizmni yanada rivojlantirishga ko‘plab imtiyozlar, yengilliklar berildi.

Shavkat Mirziyoyev turizmning iqtisodiyotdagi o‘rnini alohida ta'kidlab, mamlakatimizda bu boradagi ahvol va sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini birma-bir tahlil qildi.

Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi va uning mintaqaviy tuzilmalari shtat birliklari oshirilgani, hududlarda turizm departamentlari va boshqarmalari, hokim o‘rinbosarlari lavozimlari tashkil etilgani mazkur tashkilotlarning imkoniyatlarini kengaytirdi.

Joriy yilning 10 fevralidan boshlab, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz bo‘lishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. 2018 yil 1 iyuldan elektron vizalar joriy qilinadi.

Yig‘ilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda to‘liq ishga tushirish, jahon tajribasini o‘rgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam yengillashtirib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.