Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich uzunligi ma'lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga ko‘ra, poytaxtning Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida umumiy uzunligi 667,5 metr bo‘lgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgichni qurish ishlari boshlab yuborilgan edi. Qisqa fursatda tajribali ko‘priksozlar ushbu inshootda keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirdi, deb xabar bermoqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» axborot xizmati.
Ma'lumki, Bunyodkor shohko‘chasi Toshkent shahrining eng uzun, janubiy va shimoliy qismlarini bog‘laydi. Mazkur yo‘nalishda doim avtomobillar qatnovi tirband. Magistralda jami 9 ta yo‘l o‘tkazgich mavjud bo‘lib, may oyida ularning soni yana bittaga ko‘payadi. «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, bunyod etilayotgan inshoot 6 ta yo‘lakdan iborat. Zamonaviy yo‘l o‘tkazgich estakada qismining uzunligi 488,5 metr bo‘lib, balandligi 8, kengligi esa 24,5 metrni tashkil etadi.
Yirik inshoot jami 23 ta ustun oralig‘ida barpo etiladi. E'tiborlisi, bu yerda piyodalar uchun ham qator qulayliklar yaratiladi. Xususan, umumiy uzunligi 124 metr bo‘lgan ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi quriladi. Yangi bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazgichning yoritish tizimi ham jahon andozalariga mos ravishda barpo etiladi.
Hozirgi kunda 10 ta tayanch ustunining poydevor ishlari tugatildi. Ayni paytda ustki karkas o‘rnatish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar bu yerda 2 625 kub metr tuproq, 12 070 kub metr beton ishlari bajarildi. Bunyodkorlik jarayoniga 30 dan ortiq texnika, 250 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi jalb etilgan. Mazkur yo‘l o‘tkazgichni belgilangan muddatida, zamon talablari darajasida qurib, foydalanishga topshirish maqsadida tarmoq jadvallari ishlab chiqilib tasdiqlangan qurilish materiallari zaxiralari yaratilmoqda.
Shuningdek, qurilish texnikalari va avtotransport vositalarini saqlash va ta'mirlash uchun bazalar hamda shtab tashkil etilgan. Ko‘prikni bunyod etishda foydalanilayotgan temirbeton konstruksiyalari trestga qarashli ishlab chiqarish maydonlarida tayyorlanmoqda. Yo‘l o‘tkazgich ustunlarini joylashtirishga mo‘ljallangan moslama va bir qancha kerakli materiallar «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyat tasarrufidagi sanoat korxonalarida ishlab chiqarilyapti. Bu esa qurilish obekti tannarxining birmuncha arzon bo‘lishiga, ortiqcha sarf xarajatlarning oldini olishga imkon beradi.
Albatta, bu inshoot qurib foydalanishga topshirilsa, hududdagi avtomobillar tirbandliklarining oldi olinadi, ortiqcha vaqt yo‘qotishga chek qo‘yiladi. Joriy yilda «Ko‘prikqurilish» tresti unitar korxonasi tomonidan 7 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgich qurish rejalashtirilgan. Dastlabki bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan.
Mavzuga oid
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
17:26 / 08.11.2024