“Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi” filmidagi epizoddan lavha: shoh zobitlari saroy tomida “iblislar”ni ikki tomondan qurshab oladi. Shunda knyaz Miloslavskiy zo‘r xiyla o‘ylab topadi. Shartta cho‘qinadi-yu, “joyim jannatda bo‘lsin”, deya o‘zini go‘yo yuqoridan pastga tashlaydigandek ko‘rsatadi. Keyin nima bo‘lganini yaxshi eslasangiz kerak.

Bu — bir film. Ammo hayotda ham, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar tobora ommalashayotgan hozirgi jamiyatda, bunday holatlar ham uchrab turibdi. Sizningcha, qaysidir “iblis”ning internetdagi qutqusidan ta'sirlanib, musulmonlarni “ozod etish” uchun qirg‘inbarotga ketayotgan g‘o‘r-sho‘r yoshlarning o‘sha filmdagi bir to‘da axmoq zobitdan qanday farqi bor? Men sezmayapman. Biri hazil, boshqasi esa — fojia ekanini aytmasa...

Ijtimoiy tarmoqda faolmisiz? Demak, navbatdagi o‘lja — siz!

Ijtimoiy tarmoq degani haqiqiy topilma chiqdi-da! Xohlagan odaming bilan gaplashasan, istagancha fikr qoldirasan, “layk” bosasan, suratlar bilan o‘zingni ko‘z-ko‘z qilasan, gazetalarda yozilmaydigan xabarlarni o‘qiysan, televizorda namoyish etilmaydigan lavhalarni ko‘rasan, kerak bo‘lsa o‘zing joylashtirasan... Xullas, axborot ummonida baliqdek yayraysan. Bir erkinlik bo‘lsa, shuncha bo‘lar-da!

Kechirasiz-u, agar shunday o‘ylasangiz — bekorlarning beshtasini aytibsiz. Tarmoqda sahifangiz bormi, tamom, sizning bu “erkinligingiz” allaqachon o‘rganib bo‘lingan. Bugungi zamonaviy texnologiyalar teringizni rangidan tortib, ruhiyatingiz, dunyoqarashingiz, moddiy-ma'naviy ahvolingiz, hissiyotingizgacha o‘rganish imkonini beradi. Qanday qilib deysizmi? Oddiy, siz bosayotgan “klass” yoki “layk” tugmalari orqali!

Masalan, 2008 yilda Kembrij psixometriya markazi ilmiy xodimlari Mixail Kosinskiy hamda Devid Stilluel tomonidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining psixologik portretini aniqlash maqsadida maxsus algoritm ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra 10 ta “layk” yordamida foydalanuvchi haqida uning kasbdoshlari, 70 ta — do‘stlari, 150 ta — ota-onasi, 300 ta — turmush o‘rtog‘iga nisbatan ko‘proq ma'lumot olishingiz mumkin. Singapur milliy universiteti olimlari yaratgan algoritm bilan foydalanuvchining oilaviy sharoitini 86 foiz aniqlik bilan ayta olasiz.

Nima, dunyodagi nufuzli ilmiy muassasalar boshqa ishi yo‘qligidan “layk” sanab o‘tiribdimi? Aslo, buning ortida katta siyosiy maqsadlar, milliard-milliard sarmoya hamda Siz bilan Meni o‘sha arzimas belgiga murojaat qilishimizdan manfaatdor kuchlar yotibdi.

“Kim ko‘p maosh olishni xohlasa, “klass” bossin”