00:48 / 20.03.2018
50840

«Sirli mijoz» tashrifidan so‘ng 6 nafar davlat xizmatlari markazi xodimlari lavozimlaridan ozod etildi

Prezidentning 2017 yil 12 dekabrdagi «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, Davlat xizmatlari markazlarining asosiy vazifalaridan biri etib, mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma'muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik belgilangan.

Ushbu yo‘nalishda ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganligini aniqlash maqsadida Davlat xizmatlari agentligi mas'ul xodimlari tomonidan Farg‘ona viloyatining tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari faoliyati «Sirli mijoz» tamoyili asosida o‘rganib chiqildi. Bu haqda Agentlik xodimi Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

Ma'lum qilinishicha, o‘z xizmat vazifasiga noloyiq xatti-harakatlar sodir etgan, kasbiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan va «Sirli mijoz» sifatida murojaat qilgan tadbirkorlik sub'yektlarini asossiz ravishda boshqa tashkilotlarga yuborib, ularning murojaatlarini sansalorlikka solish kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan 1 nafar davlat xizmatlari markazi rahbari va 5 nafar xodimlari bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Shuningdek, 5 nafar markaz rahbarlariga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi hamda hududiy boshqarma rahbariyatidan tegishli tushuntirishlar olinib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilsa shaxsiy javobgarlik haqida ogohlantirildi.

Ma'lumot uchun, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi xodimlarning o‘z ishiga qanchalik halol va vijdonan yondashayotganini aniqlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan muntazam ravishda «Sirli mijoz» tadbirini respublikamizning barcha hududlarida doimiy ravishda o‘tkazish keng yo‘lga qo‘yilgan.

Bunday holatga duch kelganingizda Adliya vazirligi qisqa raqamli 1008 «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishingizni so‘raydi.

Top