Qirg‘izistonning sobiq va amaldagi prezidentlari o‘rtasida tushunmovchiliklar borligi haqida ko‘p gapirildi va aftidan, bu gap-so‘zlar bekor emas, deyiladi 24.kg nashrida.

Bugun Almazbek Atamboyev tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani shunga ishora qilmoqda. Atamboyev o‘z faoliyati va Jeenbekov faoliyati haqida ko‘p gapirdi.

Almazbek Atamboyev to‘rt oylik tanaffusdan keyin birinchi marta jurnalistlar bilan uchrashdi. Quyida Atamboyevning tushunmovchiliklarga ishora qiluvchi ba'zi gaplari keltiriladi.

"Boshqa hujjatni tiqishtirishga kimning haddi sig‘di?"

Men Sooranboydan kattaman va aka sifatida u bilan ochiq gaplasha olaman. Ba'zan yoqimsiz gaplarni gapirishga ham to‘g‘ri keladi.

Sooranboy Jeenbekovga Prezident apparati tasdiqlangan strategiya o‘rniga parlament respublika shakliga o‘tish olib tashlangan boshqa bir variantni taqdim etishga uringan. Jeenbekovga Xavfsizlik Kengashida boshqa nutqni tiqishtirishgan. Men unga bu haqida aytdim. Eng jarangdor korruptsion ishlar Atamboyev tomonidan boshlangan. Barchasi atayin boshqa tomonga burilmoqda. Prezident hujjatlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirishi kerak.

Ta'kidlash joizki, 8 fevral kuni "Ala-Archa" davlat qarorgohida mamlakat yangi prezidenti raisligi ostida Xavfsizlik Kengashining ilk yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Sooranboy Jeenbekov huquq-tartibot va sud organlarining korrupsiyaga qarshi kurashini keskin tanqid qildi.

Kadrlar masalasiga aralashmayman deganman...

Ba'zilar Atamboyev kadrlarni qayta tayyorlash jarayoniga aralashmoqda, deb o‘ylashmoqda. Men unga (Jeenbekovga) boshidayoq kadrlar masalasiga aralashmasligimni aytganman...

Hozir unga aytyapman: "Qara, Xavfsizlik kengashiga kimlarni yig‘ib olding?" Men Temir Jumaqodirovni olgandim, u aqllilarni to‘plab oldi. Ularning bari hozir ketib bo‘ldi. Hozir esa u yerda askarlar formasidan boshqasi tekshirilmaydi.

O‘zimnikilarni xafa qildirib qo‘ymayman

Islohot o‘tkazishga jazm qilgan yagona vazir - Ulan Isroilov (IIV rahbari). Endi esa u buning uchun uni "yeb tashlashlari"ni aytmoqda.