Internetda Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sh.Yakubjonova imzosidagi xat nusxasi tarqaldi.
Unda vazirlik nomidan «MY5» («Mening yurtim») telekanali rahbariyatiga murojaat qilingan. Murojaat telekanalda 1 aprel kuni efirga berilgan «Yashirin kamera» dasturiga e'tirozlar bayon etilgan.
Ushbu dasturda telekanal jurnalisti sayyor kamera hamrohligida Toshkent shahridagi parklarni aylanib, sevishgan juftliklarni «qo‘lga tushirgani» va ularni jamoat joyida odob-axloq qoidalariga rioya etishga chaqirganini ko‘rish mumkin.
Vazirlik telekanal jurnalisti bu xatti-harakatlari orqali o‘zining yetarlicha kasbiy tayyorgarlikka ega emasligini ko‘rsatib qo‘yganini qayd etgan va telekanalga inson huquqlari oliy qadriyat ekanligini inobatga olgan holda, OAV vakillari fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini hurmat qilishlari lozimligini eslatgan, kelgusida teledasturlarni tayyorlashda qonunchilik normalariga rioya qilish shartligi bildirilgan.
Quyida ushbu xat matni to‘liq keltiriladi.
Birinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi belgilangan. Mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida to‘liq implementatsiya qilingan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.
«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga asosan, ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.
«Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist shaxsning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishi shart.
Jurnalist axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma'lumotlarni e'lon qilishi, shuningdek, audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.
















