O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda aytilishicha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, uning Nizomi va tarkibiy tuzilmasi bugungi shiddatli davr talablariga to‘la javob bermayapti. Bozor iqtisodiyoti va globallashuv jarayonlari bilan bog‘liq hozirgi murakkab sharoitda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolarining hayotiy manfaatlarini ta'minlash, ularning jamiyat taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan mashaqqatli ijodiy mehnatini munosib qadrlash, adabiyot va san'at sohasini har tomonlama rivojlantirish, badiiy ijod ahlining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta'sirini kuchaytirish, iste'dodli yosh ijodkorlarni tizimli asosda tarbiyalash va boshqa o‘ta muhim yo‘nalishlarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Qaror bilan respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda ijodiy jamoatchilikning:

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining jamiyatimizda milliy g‘oya, yangicha tafakkur va dunyoqarashni rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;

Uyushma a'zolarining ijtimoiy-ma'naviy faolligi va mas'uliyatini oshirish, ularni xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini, el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan tub o‘zgarishlarni teran aks ettirishga qaratilgan yuksak badiiy asarlar yaratishga rag‘batlantirish;

Uyushma a'zolarining moddiy va ma'naviy manfaatlarini, mualliflik huquqlarini himoya qilish, ular uchun har tomonlama sharoit yaratib berish, mashaqqatli ijodiy mehnatini adolatli baholash;

Uyushmaning obro‘-e'tibori va yuksak maqomini munosib saqlash, uning sifat tarkibini yaxshilash maqsadida ushbu tashkilotga a'zolikka qabul qilish bo‘yicha zamonaviy va ta'sirchan mezonlarni belgilash; 

katta iste'dod va yuksak grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan keksa avlod vakillarining ijodiy salohiyati va mahoratidan yoshlarni keng bahramand etish;

yosh iste'dod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun chuqur o‘ylangan, zamonaviy ilm-fan yutuqlariga asoslangan innovatsion usullarni ishlab chiqish va joriy etish;

dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga o‘girish va chet ellarda targ‘ib etish tizimini yaratish;