Tojikistonning «Asia Plus» media portali muxbiri O‘zbekistonning oltita viloyatida mehmon bo‘lib, qo‘shni davlat qanday yashayotgani haqida hikoya qiluvchi maqola tayyorladi.

«Unga ko‘z tegmasin!». Oddiy o‘zbekistonliklar o‘zlarining prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqida shunday deyishmoqda va respublika yo‘llaridagi blokpostlardan xalos bo‘lishmoqda.
Shunday qilib, men Toshkentga borishim kerak edi va men samolyotda emas, So‘g‘d viloyati orqali emas, u yerga borish uchun Tursunzoda shahridan keyingi chegara orqali Surxondaryo viloyatiga olib kiruvchi eng uzoq yo‘lni tanladim. Men bu yerdan Toshkentgacha deyarli ming kilometr yo‘l bosib, olti viloyat — Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hududidan o‘tishim kerak edi.
Mayda savdogarlar qimmatroq sotish mumkin bo‘lgan hamma narsani olib kelishmoqda
Viza rejimi bekor qilingach, tojik-o‘zbek chegarasini har kuni ikki tomondan 10 mingga yaqin insonlar kesib o‘tishmoqda. Endi chegara o‘tkazish punktlari gavjum va shovqin-suronli. Ular, asosan, u yoqdan bu yoqqa keng iste'moli mollari tashiyotgan savdogarlardir. Masalan, O‘zbekistondan Tojikistonga tovuq tuxumi, guruch, o‘simlik yog‘i va tekstil mahsulotlari keltirishmoqda. Tojikistondan O‘zbekistonga olma, nok, keng iste'mol mollari, changyutkich va gilamlar. Davlat chegarasining har ikki tarafida qizg‘in savdo ketayotgan mo‘'jaz bozorchalar ham paydo bo‘lgan.
Ayni paytda har ikki davlat qonunlari bojxona to‘lovlarisiz 300 dollardan ortiq bo‘lmagan mahsulotlarni olib o‘tishga izn beradi, bu esa mayda savdogarlarga harakat erkinligini yaratadi. Darvoqe, Islom Karimov davrida Toshkent O‘zbekistonga bojxona to‘lovlarisiz 10 dollardan ortiq bo‘lmagan mahsulotlarni olib kirishgagina ruxsat berilgandi.
O‘zbekiston o‘z hududiga Tojikistonning barcha fuqarolariga 2 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mablag‘larini deklaratsiyadan o‘tkazmasdan olib kirishga ruxsat bergan; ilgari har qanday miqdordagi pul, qimmatbaho buyumlar majburiy tarzda deklaratsiyalanardi.
Bojxonachilarning ham ishi o‘zgargan, ular endi fuqarolarning yuklarini qo‘lda tekshirishmaydi, maxsus texnikadan foydalanishadi. Yaqin-yaqingacha tojikistonliklarning bagajini o‘zbek bojxonachilari shaxsan tekshirishardi; odamlarning poyafzallari va paypoqlari yechtirilardi, cho‘ntaklardan hamma narsa chiqarilardi.

















