Jamiyat | 01:22 / 08.04.2018
16731
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda to‘rtta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi ishga tushirildi

Prezident Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 30 sentabrdagi «Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida mazkur soha oldidagi dolzarb vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Farmonga muvofiq, davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini qo‘shimcha barpo etish orqali bolalarni maktabgacha ta'lim bilan bosqichma-bosqich to‘liq qamrab olish, bolalarga maktabgacha ta'lim-tarbiya berishning muqobil turlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Samarqand shahridagi «Mingtut» MFYda yangidan barpo etilgan, 120 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan «Ertaklar olami» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimligi xodimlari, jamoatchilik tashkilotlari vakillari, xalq ta'limi va maktabgacha ta'lim sohasi rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan shahar hokimi F.Rahimov keng dunyoqarash, puxta bilim va salohiyatga ega avlodni voyaga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e'tirof etdi va bu borada hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligini ta'kidladi.

Samarqand shahar maktabgacha ta'limi bo‘limi mudiri Z.Nuriddinov Kun.uz’ga qisqacha intervyu berar ekan, shaharda bu borada amalga oshirilayotgan va kelgusida rejalashtirilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi:

— Shahrimizda maktabgacha ta'lim yoshidagi 37.542 nafar bola bor. Ayni paytga qadar ularning 22 ming nafardan ortig‘i maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olingan. Bu, o‘z navbatida, shahrimizda uzluksiz ta'limning mazkur bosqichini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirishni, ilg‘or loyihalarni hayotga tatbiq etishni taqozo etadi. Shu bois joriy yil davomida shahar hududida 50 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Bugun «Ertaklar olami» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi bilan biralikda yana 3 ta — «Umka N», «Asalina Go‘zalina» hamda «Advantage smart kids» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari foydalanishga topshirilmoqda. Yana 20 tasida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilayotir. 2019 yilning oxiriga qadar shahrimizda istiqomat qilayotgan 3–7 yoshdagi barcha bolajonlarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olishni maqsad qilganmiz.

Samarqand shahrida yangi tashkil etilgan «Ertaklar olami» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi 120 nafar tarbiyalanuvchini qamrab olish quvvatiga ega. Nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari davlat standartlariga muvofiq, bog‘chada kutubxona, musiqa va sport zallari, yotoqxona, oshxona, fitobar, jismoniy tarbiya hamda o‘yin maydonchalari mavjud.

O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid