
«Barselona» klubi Chempionlar Ligasi chorakfinali javob bahsida «Roma»ga 0:3 hisobida yutqazib, musobaqani tark etdi. Bu mag‘lubiyat kataloniyaliklarning musobaqa tarixidagi eng katta omadsizliklari qatoridan joy oldi.
Rossiyaning «Chempionat» sayti ularning 10tasini esga oldi.
1992/93 mavsumi. «Barselona» – TsSKA – 2:3

Sovrinning amaldagi sohibi shov-shuvli tarzda Rossiyaning yosh jamoasiga yutqazib, saralash bosqichidayoq turnirni tark etdi va guruh bosqichiga chiqolmadi. Moskvadagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi, o‘z maydonida esa, «Barselona» 1-bo‘limdayoq 2:0 hisobida oldinda edi. Ammo, Bushmanov, Mashkarin va Karsakovning gollari evaziga TsSKA yilning asosiy sensatsiyasini sodir qildi.
1993/94 mavsumi. «Barselona» – «Milan» – 0:4

Keyingi mavsumda kataloniyaliklar Chempionlar Ligasi finaliga chiqdilar va «Milan» klubidan qaqshatqich zarba yedilar. O‘yindan oldin, ko‘plab mutaxassislar Yohan Kroyff shogirdlarini asosiy favorit deb hisoblashayotgandi. Ammo, maydonda Fabio Kapello qo‘l ostidagi «Milan» ustunlik qildi. 1-bo‘limda Daniel Massaro tomonidan urilgan 2ta gol sharmandali natijani boshlab bergan edi.
1997/98 mavsumi. «Dinamo» Kiyev – «Barselona» – 3:0 va 4:0

Valeriy Lobanovskiy qo‘l ostidagi Kiyevning «Dinamo» klubi guruh bosqichining har ikkala o‘yinida ham «Barselona»ni yanchib tashladi. Kiyevda Sergey Rebrov, Yuriy Maksimov va Yuriy Kalitvintsevning gollari mezbonlarning 3:0 hisobidagi g‘alabasini ta'minladi. «Kamp Nou»dagi 0:4 hisobi esa «Barselona»ning yevrokuboklar tarixida, o‘z maydonidagi eng yirik mag‘lubiyati bo‘ldi. Kataloniya poytaxtida Andrey Shevchenko het-trikka erishdi.



















