10:17 / 12.04.2018
15668

Yer uchastkasini ajratish haqidagi qaror va uni tanlash haqidagi xulosa birlashtirilmoqda

Foto: Dobrostroy

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonning 2-ilovasidagi 2018 yil 1 iyunidan bekor qilinishi nazarda tutilayotgan tadbirkorlik faoliyatining ayrim litsenziyalashtiriladigan turlari va ruxsat berish tartib-taomillari ro‘yxatiga ko‘ra ularning birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadiganlari sanab o‘tilgan.

Jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, ularni qurish, ekspluatatsiya qilish, telekommunikatsiya tarmoqlari xizmatini ko‘rsatish kabi alohida faoliyatlarni litsenziyalashtrish endi «Telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish» umumiy nomi ostida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan litsenziyalashtiriladi.

Yer uchastkasini ajratish haqidagi qaror, yer uchastkasini tanlash haqidagi xulosa endi mahalliy tuman (shahar) hokimining Yer uchastkasini ajratish haqidagi qaroriga birlashtiriladi.

O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va buta ekinlarini kesish uchun kelishuv va O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va buta ekinlarini kesish uchun ruxsatnoma tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladigan O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va buta ekinlarini kesish uchun ruxsatnomaga birlashtiriladi.

Ov va sport quroli hamda unga o‘q-dorilarni olib kirish va olib chiqish uchun ruxsatnoma, Ov va sport quroli hamda unga o‘q-dorilarni xarid qilish, saqlash va tashish uchun ruxsatnoma, Ov va sport quroli hamda unga o‘q-dorilarni realizatsiya qilish uchun ruxsatnoma endilikda «Ov va sport quroli hamda unga o‘q-dorilarni olib kirish va olib chiqish, xarid qilish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish uchun ruxsatnoma» ko‘rinishida Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladi.

Mavzuga oid
Top