Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezidentni davlat mukofotlari bilan taqdirlash Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi
"Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi.
Qonun bilan davlat mukofotlarining turlari belgilandi. Unda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, O‘zbekiston Respublikasining 34 ta faxriy unvoni, 11 ta orden, 4 ta medal va O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i bor.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy banki, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, boshqa respublika muassasalarining, nodavlat notijorat tashkilotlari respublika organlarining rahbarlari tomonidan kiritiladi. Chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek chet el yuridik shaxslarini taqdirlashga doir taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda kiritiladi.
Davlat mukofotlariga taqdim etish tashabbusi bilan chiqish va ularni ko‘rib chiqish tartibi, taqdimnomaga ilova qilinadigan hujjatlarning ro‘yxati, shuningdek davlat mukofotlariga doir guvohnomalarning namunalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat mukofotlari bilan taqdirlash tashabbusi bilan mustaqil ravishda chiqishga haqlidir.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining ayni bir ordeni, medali va Faxriy yorlig‘i bilan takroran taqdirlash, shuningdek takroran faxriy unvon berish amalga oshirilmaydi, bundan darajalarga ega bo‘lgan davlat mukofotlari mustasno.
Darajalarga ega bo‘lgan davlat mukofotlari bilan taqdirlash ketma-ketlikda — quyi darajadan yuqori darajagacha amalga oshiriladi.
Fuqarolarni navbatdagi davlat mukofotiga taqdim etish, qoida tariqasida, avvalgi taqdirlangan paytidan e'tiboran kamida uch yil o‘tgach amalga oshiriladi. Alohida hollarda, fuqarolar navbatdagi mukofotga avvalgi taqdirlangan vaqtidan qat'i nazar taqdim etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash shaxsning vafotidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin.
Davlat mukofotlarini topshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy banki, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, boshqa respublika muassasalarining rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi diplomatik korpusining vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shunga vakolat bergan boshqa shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga davlat mukofotlarini topshirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi va Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida oliy mukofot belgisi — «Oltin Yulduz» medalini, O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlarini, ordenlarini va medallarini ko‘kragining chap tomoniga taqib yuradi, qadag‘ichsiz ordenlar bundan mustasno. Taqdirlangan shaxslar davlat mukofotlarini boshqa hollarda ham taqib yurishi mumkin.
Oliy mukofot belgisi — «Oltin Yulduz» medali O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlaridan, ordenlaridan va medallaridan yuqoriga taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari va medallari o‘rniga lentalar taqib yurish uchun plankalar bir oz bo‘rtib chiqqan, orden va medallar qadag‘ichlarining rangiga mos keladigan lentalar bilan qoplangan to‘g‘ri burchakli metall plastinkalardan iborat bo‘ladi. Har bir plankaning bo‘yi 12 mm, eni 24 mm.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari davlat mukofotlarining qabariqli tasvirini binolarda joylashtirishi, davlat mukofotlarining tasvirini o‘z davriy bosma nashrlarida aks ettirishi mumkin.
Taqdirlangan shaxslar davlat mukofotlarini va ularga doir guvohnomalarni ehtiyotkorlik bilan saqlashi, ularning but saqlanishini ta'minlashi shart.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari davlat mukofotlarining va ularga doir guvohnomalarning but saqlanishini ta'minlashi lozim.
Davlat mukofoti va unga doir guvohnoma yo‘qolgan taqdirda, ushbu mukofotga bo‘lgan huquq saqlanib qoladi.
Davlat mukofotlari harbiy vaziyatda, tabiiy ofat natijasida yoki davlat mukofoti yo‘qolishining oldini olish imkoniyatini istisno etadigan boshqa sharoitlarda yo‘qolgan taqdirda, ularning dublikatlari berilishi mumkin. Tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan davlat mukofotlarining dublikatlari berilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra mazkur mukofotlarning mum nusxalari berilishi mumkin.
Davlat mukofoti va unga doir guvohnoma boshqa sharoitlarda yo‘qolgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya taqdirlangan shaxsga davlat mukofoti bilan taqdirlanganlik to‘g‘risida belgilangan tartibda ma'lumotnoma beradi.
Davlat mukofotini va unga doir guvohnomani yo‘qotgan taqdirlangan shaxs vafot etgan taqdirda, ushbu mukofot va guvohnomaning dublikatlari berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan davlat mukofotlarini hamda ularga doir guvohnomalarni olib chiqish huquqiga ega.
Vafot etgan taqdirlangan shaxsning doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan yaqin qarindoshlari mazkur mukofotlarga bo‘lgan o‘z huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatganidan keyin davlat mukofotlarini olib chiqish huquqiga ega.
Davlat mukofotlariga bo‘lgan huquq tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa, ularni olib chiqish taqiqlanadi.
Qimmatbaho metallardan tayyorlangan davlat mukofotlarini olib chiqish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlardan foydalanadi, pul to‘lovlari yoki esdalik sovg‘alari oladi.
O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari taqdirlanganda pul to‘lovlari ajratilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari (premiyalari), davlat va jamiyat tarixidagi muhim sanalarga va voqealarga atalgan esdalik va ko‘krak nishonlari ta'sis etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan idoraviy mukofotlar ta'sis etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya bilan kelishilgan holda, o‘zlarining ichki hujjatlari bilan xodimlarni rag‘batlantirishning har xil turlarini, shu jumladan unvonlarni, esdalik va ko‘krak nishonlarini, idoraviy mukofotlarni belgilashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari (premiyalari), esdalik va ko‘krak nishonlari, idoraviy mukofotlar ular to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.
Mavzuga oid
19:05 / 26.04.2026
Soliq va tadbirkorlik sohasidagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi
08:53 / 22.04.2026
MChJ faoliyatiga oid yangi tahrirdagi qonun kuchga kiradi
09:19 / 08.04.2026
Qo‘riqlash departamenti vakolatlari kengaymoqda
19:12 / 05.04.2026