Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hududidan 2000 yillik tarixga ega Kushon imperiyasi davriga oid qal'a qoldiqlari topildi. Ayni paytda bu yerda taniqli arxeolog olim, O‘zbekiston Qahramoni G‘ayratdin Xo‘janiyazov rahbarligida vaqtinchalik arxeologik ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori Yesimqan Qanaatov Kun.uz'ga ma'lum qildi.
«Shu yil boshida, aniqrog‘i, 4 yanvar kuni Taxiatosh tumani hokimligidan tuman hududidan eski kulolchilik idishlari topilgani haqida qo‘ng‘iroq qilib aytishdi. Shu kuni topilgan ko‘zalarni menga olib kelib ko‘rsatishdi. Ertasiga o‘sha yerga borib hududni ko‘zdan kechirdik. Haqiqatdan ham bu yerda eski tarix izlari namoyon bo‘layotgandi.
Qoraqalpog‘istonda chin ma'noda arxeologiya ishlari o‘tgan asrning 36-37 yillari boshlangan bo‘lsa, shu kungacha Taxiatosh tumani hech bir arxeologning nazariga tushmagan. Sababi bu yerda ko‘zga ko‘rinib turgan devorlar yoki qal'a qoldiqlari yo‘q edi. Mana biz tuman hokimining iltimosiga binoan bu yerda vaqtinchalik arxeologik ishlarini olib bordik va bu yerdan yoshi 1800-2000 yillarga borib taqaladigan tarixiy yodgorliklarni topdik», deydi arxeolog G‘.Xo‘janiyozov.

Taxiatosh tumanining «Keneges» ovul fuqarolar yig‘ini hududidan topilgan qadimiy qal'a mahalliy aholini ham befarq qoldirmadi. U yerdan topilgan esdaliklar tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 4-umumta'lim maktabi muzeyiga topshirilmoqda.
Mazkur muzey 2010 yilda maktabning tarix fani o‘qituvchisi Aralboy Nurjanovning tashabbusi hamda direktori Gulshod Iztleuovaning qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etilgandi. Hozirda bu yerda 1500 dan ziyod eksponat saqlanmoqda. Mo‘'jazgina muzeyda topilmalardan tashqari qadimiy milliy liboslar, taqinchoqlar, mehnat qurollari bilan tanishish mumkin.






















