O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘ldiki, majburiy mehnat muammosi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Mamlakatimiz prezidenti va hukumat vakillari chet el investitsiyalari va innovatsiyalar haqida ko‘p gapirishadi. Hattoki xalqaro muammolar, jumladan Afg‘oniston muammosi ham asta-sekinlik bilan hal qilinmoqda. Ammo majburiy mehnatchi?
Jahonda reyting degan tushuncha bor. O‘zbekiston yana «majburiy mehnat keng qo‘llanilayotgan» davlatlar qatorida turaversa, investitsiya qayerdan keladi? Turistlarchi? Nahotki, XXI asrda biz ushbu muammoni hal eta olmaymiz?
Birinchi va asosiy muammo obro‘da. Bizga turist, investitsiya va rivojlanish kerak, ammo «O‘zbekiston» degan so‘zni bir internetda ingliz tilida izlab ko‘ring. Birinchi natija doimgidek «Wikipedia» saytida. Saytga kirgandan so‘ng, «Inson huquqlari» degan qatorga keling. Jumlalarni o‘qing, «Uzbekistan also maintains the world's second-highest rate of modern slavery, 3.97% of the country's population working as modern slaves. In real terms, this means that there are 1.2 million modern slaves in Uzbekistan». Tarjima, «O‘zbekiston zamonaviy qullik bo‘yicha jahondagi ikkinchi o‘rinni egallaydi, mamlakat aholisining 3.97 foizi zamonaviy qul sifatida faoliyat yuritadi. Bu degani haqiqiy vaqtda O‘zbekistonda 1.2 million zamonaviy qul mavjud». Yaxshilab o‘qidingizmi? O‘zbekistonda 1.2 million zamonaviy qul mavjud. Bu masala bilan kurashsa bo‘ladi, ya'ni «Wikipedia» ma'muriyatiga xat yozib, yoki turli yo‘llar bilan o‘zimizni oqlab. To‘g‘ri, O‘zbekistonda umuman qullik mavjud emas, ammo muammo majburiy mehnatda. Ming o‘zimizni oqlamaylik, ming o‘zimizni zo‘r ko‘rsatmaylik, ammo bir joyda paxta terimi vaqtida talaba vafot etsa, yoki ko‘chani tozalayotgan o‘qituvchi vafot etsa, barcha qilgan yaxshilik va harakatlar, qo‘pol qilib aytganda, befoyda bo‘lib turaveradi.
Jahon Mehnat Tashkilotining rasmiy saytida joriy yilning 13 fevralida yana O‘zbekiston xaqida yangi maqola chiqdi. Paxta terimlarida bolalar mehnatiga chek qo‘yildi, deb ta'kidlanmoqda vebsaytda, ammo majburiy mehnat tizimli ravishda kuzatilmoqda. Ta'kidlab o‘tish joizki, Jahon Mehnat Tashkiloti aytgan fikr Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning barcha organlariga, deyarli hamma xalqaro tashkilotlarga, Jahon Banki, rivojlangan davlatlarning hukumati vakillariga va xalqaro moliya institutlarning barchalariga yetib boradi. Bu «zanjir reaksiyasi» deyiladi. Ular esa ushbu fikrlar va ma'lumotlar asosida keyingi qadamni o‘lchab va o‘ylab bosishadi. Bu esa O‘zbekistonga investitsiya va turistlar kirib kelishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Ikkinchi muammo tushunmovchilikda. Afsuski, hukumatning ba'zi vakillarida, ayniqsa viloyat va tumanlarda, bir fikr paydo bo‘lgan – «byudjyetdan oylik olyaptimi, ishlaydida!». Kechirasiz, u ish haqini o‘qituvchilik va shifokorlik qilayotgani uchun olyapti va kerakli soliqni ham to‘lab bermoqda. O‘qituvchi yoki shifokor pensiyaga chiqqanida, unga «ko‘cha tozalagani va paxta tergani uchun» 20 yillik staj yoki +50% pensiya miqdori qo‘shilmaydiku? Shuning uchun ham tarozining ikki pallasini teng ushlash kerak. Chet elda, ayniqsa Yevropa va AQShda, «menejment» iborasi o‘ta rivojlangan. Menejment bu qobiliyatli va professional boshqaruvdir. Boshqaruvni zo‘rlab qo‘ying, odamlar o‘z sohasida mazza qilib ishlasin. Oddiy bir narsani, ayniqsa viloyat va tuman davlat vakillari, yaxshi tushinib olishlari kerak. Sizning obro‘ingiz bu butun bir davlat obro‘sidir. Sizning xato tufayli ko‘p millionlik aholi aziyat chekmasligi kerak. Kommunal va yo‘l xizmati xodimlarining maoshini vaqtida berib, ozgina oshirib qo‘ying, ular o‘zi o‘sha joyni tozalab beradi. Paxta pulini ham o‘z vaqtida to‘lab qo‘ying, mahalliy aholi kerak bo‘lsa, g‘o‘zapoyasi bilan tozalab beradi.








