O‘zbekiston o‘z rivojlanishining jadal islohotlar bosqichiga kirdi. Har bir sohada ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar taqdim etish borasida davlat rahbariyati tomonidan jadal islohotlar olib borilyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev deyarli har bir chiqishida “bitta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘tarib yurishga tayyorman”, deya tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga katta turtki bermoqda. Buni e'tirof etish kerak, ammo... ba'zi noxush holatlarni o‘rganish chog‘imizda, ayrim idoralarning tadbirkor muammosiga barmoq orasidan qarayotgani tadbirkorning asab buzishiga, vaqt va salohiyatini biznesini rivojlantirishga emas, muammoni hal qilishga sarflayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. 

Toshkent shahrining Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 35-A uy manzilida joylashgan “Ravshan Yodik Production” MChJ karton qutilari, plyonka mahsulotlari va granulalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Firmada asosan yoshlardan iborat 51 kishi mehnat qilib, ular tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar respublikadagi mijozlar qatorida xorijdagi xaridorlarga ham yetkazib berilmoqda. Xususan, Isroil va Xitoyga 100 ming AQSh dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilingan. 

Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ushbu firma osmonini “qora bulutlar” qoplagan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. MChJ joylashgan hamda Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankidan olingan jami 1 mln AQSh dollariga yaqin kredit uchun kafolat sifatida qo‘yilgan manzil, ya'ni ishlab chiqarish va boshqa yordamchi binolari Toshkent Ruhiy kasalliklar shifoxonasi ta'mirlanishi munosabati bilan buzilishga tushgan. Firma joylashgan hudud binolardan tozalanib, uning o‘rnida ochiq turdagi avtomobil turargohi barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Buni 2018 yil 26 yanvar kuni Toshkent shahrida qurilish va obodonlashtirish ishlarining borishi to‘g‘risida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilish bayonidagi qayddan ham bilsa bo‘ladi. 

 

Biz vaziyatni o‘rganish maqsadida “Ravshan Yodik Production” firmasiga tashrif buyurdik. Kichik korxonada ishlab chiqarish jarayoni deyarli avtomatlashtirilgani, ishchilar o‘z mehnatidan ko‘ngli to‘qligi, ular uchun taqdim etilgan shart-sharoitlar, oylik ish haqlari qanoatlantirayotgani, 3 mahal issiq ovqat, uzoqdan keluvchilar uchun transport vositasi mavjudligi ham tadbirkorlik faoliyati to‘g‘ri tashkil etilganini ko‘rsatadi. Gapning indallosini aytganda barchasi risoladagidek yo‘lga qo‘yilgani kishini quvontirdi. Ishchilarning 60 foizdan ortig‘i yoshlarni tashkil etadi.