Prezidentlar ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi muloqot bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda asosiy e'tibor ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.
«Savdo aloqalarida erishilayotgan natijalardan mamnunmiz. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 55 foiz o‘sdi. Bu o‘tgan yilgi kelishuvlarimiz natijasidir. Bu sur'atni saqlab qolish va yanada oshirish muhim», dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Turkmaniston va O‘zbekiston tinchliksevar davlatlar, yaxshi qo‘shnilar sifatida tanilgan. Mamlakatlarimiz xalqaro doirada ham, o‘zaro aloqalarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi muzokaralar buni yana bir bor tasdiqladi», dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.
O‘zbekiston va Turkmanistonda bir-birini to‘ldiradigan imkoniyatlar ko‘pligi, ularni ishga solib, o‘zaro savdo aylanmasini jadal oshirish va nomenklaturasini kengaytirish zarurligi ta'kidlandi. Ikki mamlakat bozorida tovar ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat korxonalari kooperatsiyasini mustahkamlash, hududlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 2020 yilga borib tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollargacha yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Bu maqsadlarga erishish uchun Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya salohiyatidan maksimal darajada foydalanish zarurligi ta'kidlandi.
Turli darajadagi samarali uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka yangi sur'at bag‘ishladi, uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qildi. Mart oyida Ashxobodda o‘tkazilgan O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ayni kunlarda poytaxtimizda Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va ishbilarmon doiralarning biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, bu orqali o‘zaro savdo hajmini, mamlakatlarimizning ushbu yo‘nalishdagi raqobatbardoshligini oshirishga kelishib olindi.
Qishloq xo‘jaligi mashinalari, avtomobillar va elektr texnikasi mahsulotlarini hamkorlikda ishlab chiqarish, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish, chegaraoldi hududlar o‘rtasida savdo-sotiqni kengaytirish, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Mavzuga oid
16:34 / 11.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Ashxobodda Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi
12:12 / 28.08.2024
Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi
14:41 / 13.08.2024
Gurbanguli Berdimuhamedov ta’til kunlarida sport mashinasini sinovdan o‘tkazdi
06:15 / 20.08.2023