Matbuotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi «Respublika oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3655-son qarori e'lon qilindi.

Qarorga ko‘ra joriy yilning 1 sentabridan boshlab professor-o‘qituvchilarning oylik maoshi o‘rtacha 25 foizga oshadi. Albatta, bu oliy o‘quv yurtlarining (OO‘Yu) professor-o‘qituvchilari uchun nihoyatda quvonchli xabar. Islohotlardan avval maktab ta'limi va oliy ta'lim eng xarob holga kelgan edi. Ajabmas, bu «siylash» oliy ta'limning rivojlanishi uchun birinchi turtki bo‘lsa.

Men oliy o‘quv yurtini tugatganimdan buyon shu sohada ishlayman. Shuning uchun ko‘rgan-kechirganlarimga va bilganlarimga tayanib, ba'zi fikrlarni aytishni lozim topdim.

Jamiyatning hamma sohasida bo‘lganidek, OO‘Yuda ham malakali o‘qituvchilar yetishmaydi. Bu masala bo‘yicha ahvolni birinchi bo‘lib OO‘Yuda tuzatish kerak. Chunki aynan OO‘Yu qolgan barcha sohalarga mutaxassis tayyorlab beradi. OO‘Yu professor-o‘qituvchilarining bir qismi savodli, bir qismi savodsiz, yana bir qismi esa poraxo‘r. Hozir hammaning oyligi bir xil ko‘tarilsa, yana bularning orasida farq qolmaydi. To‘g‘risini tan olish kerak, ayrim savodsizlar uchun hozir to‘lanayotgan maosh ham ko‘p. Endi maoshlar oshirilgandan keyin, savodsizning savodi chiqib, poraxo‘r cho‘ntagini tikib tashlaydimi? Albatta yo‘q! Chunki, hozirgacha ham pora olmaslik to‘g‘risida targ‘ibot, tashviqot, qo‘rqitish, hatto «pora olmayman» deb qog‘oz yozib berish (yozdirib olish) doim bo‘ldi. Lekin ularning foydasi sezilarli bo‘lgani yo‘q.

Imtihonlarni kompyuterga o‘tkazib, poraxo‘rlarni kamaytirish usulining yaxshi tomonidan ko‘ra, yomon tomoni ko‘proq. Bu ham yetarli darajada sinovdan o‘tdi. Albatta, kimlar pora olishini OO‘Yuning talabalari va rahbarlari yaxshi biladi. Lekin ular ko‘rib, eshitib, bilib tursa ham hech nima qila olmaydi. Faqat jarayondan uzoq bo‘lgan milliy xavfsizlik va departament har yili bitta-ikkita poraxo‘rni ushlab ketadi, xolos.

Nima uchun yuqorida aytganimday, jarayonning ichida bo‘lgan va buni ko‘rib turgan rahbarlar o‘z «uyini» tozalay olmaydi? Buning sababi, poraxo‘r va savodsiz o‘qituvchilarda o‘zini himoya qilish instinkti shakllangan. Ular rahbarlarning nozik joyini topib, «dumini xurjunga solib» qo‘yishadi. Agar rahbar uning poraxo‘rligini ro‘kach qilsa, u «dumni xurjundan chiqaradi». Ba'zi rahbarlarning esa qurbi yetmaydi.

Ikkinchidan, savodsizlar professorlarning, dotsentlarning, fan nomzodlarining orasida ham bor. Birinchi navbatda savodli professor-o‘qituvchilarning oylik maoshini qolganlarga qaraganda keskin oshirish kerak. Tabiiyki, qaysi professor-o‘qituvchi savodli, qaysi savodsiz ekanligini Oliy ta'lim yoki Moliya vazirligida o‘tirgan amaldorlar bilmaydi. Ularning bu ko‘rsatgichini (parametrini) ular dars o‘tadigan talabalar, hamkasblari va kafedra mudiri biladi.