O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA'da e'lon qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, ayrim tumanlarda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer uchastkalaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ishlar holatini o‘rganish natijalari ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni tashkil etishni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining bu sohadagi vakolatlarini kengaytirish va faol ishtirokini ta'minlash maqsadida:
Tegishli hududda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari faoliyatini baholash ko‘rsatkichlaridan biri deb hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, qishloq xo‘jaligi vaziri hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (keyingi o‘rinlarda Kengash deb yuritiladi) rahbarlariga fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tuman kengashlari huzuridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga kompleks xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini tashkil etish ta'minlanmaganligi qat'iy ko‘rsatib o‘tilgan.
Belgilanishicha, 2018 yil 1 iyuldan:
barcha fermer va dehqon xo‘jaliklarining Kengashga a'zoligi majburiy, tomorqa yer egalari uchun esa ixtiyoriy hisoblanadi;
fermer va dehqon xo‘jaliklarining Kengashda a'zoligi tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rayosati qaroriga muvofiq tugatilishi yer uchastkasiga egalik qilish, undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi yoxud uni ijaraga olish huquqi bekor bo‘lishi uchun asos bo‘ladi;
fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari qishloq xo‘jaligida shartnoma majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan monitoring hamda jamoat nazoratini amalga oshiradi.
















