KUN.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati Urganch tumanida istiqomat qiluvchi Durdona Borisovna Abdullayeva yordam so‘rab murojaat qildi.
66 yoshli onaxonning so‘ziga ko‘ra, u 2014 yilda uy sotib olgan, ammo keyinchalik bolalari va nabiralari bilan bu uydan chiqarib yuborilgan va ko‘chada qolgan.
Biz 4 yildan buyon Durdona Abdullayevani qiynab, sarson qilib kelayotgan voqea tafsilotlarini o‘rganib chiqdik.
Durdona Abdullayeva 1952 yilda tug‘ilgan, Urganch shahar, Pahlavon Mahmud ko‘chasidagi uyda istiqomat qilib kelgan. Urganch matlubot jamiyatida sotuvchi, Tikuvchilik fabrikasida iqtisodchi bo‘lib ishlagan. 2007 yilda nafaqaga chiqqan.
1993 yilda turmush o‘rtog‘i og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etgan. Natijada ona 4 nafar qizi bilan qoladi.
2014 yil aprel oyida oila istiqomat qiladigan uy shaharning rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan buzib tashlanadi. Urganch shahar hokimiyati Abdullayevaga 65 million so‘m kompensatsiya va ikkita yer uchastkasi ajratadi. Onaxon «ayol boshim bilan qanday qurilish qilaman, undan ko‘ra uy sotib olganim yaxshi» deb, yer uchastkalariga bo‘lgan egalik huquqini sotadi.

Shu oyda u Iskandar Alimovdan 4-kichik daha, 10/2 uy, 5-xonadonni sotib olishga qaror qiladi. Ammo, Iskandar Alimov bu uyga taqiq qo‘yilgani, unda sobiq xotini Feruza Alimovaning 70 million so‘mlik ulushi borligini, shu va qo‘shimcha ravishda davlat boji to‘lab berilsa, uyni rasmiylashtirib berishini aytadi. Uning gapiga ishongan Durdona Abdullayeva jami 87,6 million so‘mni «Turonbank» va «Xalq banki» kassalariga to‘laydi. Natijada, uy taqiqdan chiqarildi degan ma'lumotnomani oladi.
«Mening xatoim shu bo‘ldiki, bu pullarni kassaga topshirganimda Iskandar Alimov nomiga kvitansiya yozildi. Ammo, aslida ular mening hisobimdan to‘landi. Bunga guvohim bor» - dedi ona.
Shundan so‘ng, Durdona Abdullayeva bu uyning kommunal xizmatlardan qarzlarini ham to‘lab beradi. Barcha xarajatlarni hisobga olgan holda 55000 AQSh dollari yoki o‘sha vaqtdagi hisob-kitobga ko‘ra 163 million so‘mni Iskandar Alimovga beradi.
2014 yil 7 noyabr kuni Durdona Abdullayeva va Iskandar Alimov o‘rtasidagi oldi-sotdi shartnomasi Urganch shahar 7-notarial idorada rasmiylashtiriladi. Unda uyning narxi 120 million so‘m qilib ko‘rsatiladi.



















