Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati, Urgut tumani, Ravot qishlog‘ida joylashgan 12 maktab filiali, undagi og‘ir sharoitlar haqida video va suratlar tarqalgan edi. Achinarli holatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun qaydasan, Samarqand deya Urgut tumanida joylashgan mazkur maktabga tashrif buyurdik.

Maktab haqida aytadigan bo‘lsam, oralaringizda mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning «Birinchi muallim» qissasini o‘qiganlar bo‘lsa kerak. Unda asar qahramoni Duyshen go‘zal rivojlangan poytaxtni tark etib, o‘z ona qishlog‘iga qaytib eski bino bo‘lsa-da, o‘sha yerda yashovchi yosh avlodga ilm o‘rgatishni boshlaydi. Bizga murojaat qilgan maktab direktori Sharof aka ham shunday insonlardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular maktab uchun jon kuydirayotgani shundoq ko‘zlaridan ma'lum.

Ravot qishlog‘iga borishimiz bilan Sharof aka bizni kutib oldi. Ularning aytishicha, maktab 1968 yilda qishloq ahlining hashari evaziga bunyod etilgan. Sobiq ittifoq davridan beri maktab «kapital» ta'mirga tushmagan. Maktabda hozirda 230 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Shu yilning sentabr oyida yana 30 nafarga yaqin o‘quvchini qabul qilish kutilmoqda. Biroq maktab binosi talabga umuman javob bermaydi. Maktabda bor yo‘g‘i ikkita bino mavjud. Kutubxona ham, sport maydoni ham, hatto hojatxonasi ham yo‘q. Xonalarni-ku, qo‘yaverasiz. Tomdan yomg‘ir yog‘sa, suv tomib chelaklarni to‘ldiradi. Yog‘ingarchilikda xonalar ichidagi tuproq loyga aylanadi. Xonalarning pol qismi yo‘q. Kompyuter uyoqda tursin, elektr tokining o‘zi yo‘q. Derazalar umuman ochilmaydi. Maktabda 40 nafarga yaqin o‘qituvchi dars berib kelmoqda. O‘qituvchilar xonasi ham juda achinarli holatda. Xullas, maktab xarobaga aylangan. Shunga qaramay, hatto qo‘shni qishloqlardan ham ilmga chanqoq yoshlar kelib, bitta partada uch kishidan o‘tirib bo‘lmasin savod olmoqda.

Ma'muriyat kerakli mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan chog‘da ular maktab dasturga kiritilgan deb javob berib kelishmoqda. Maktab direktorining o‘rinbosari maktab qishda ham ishlaganini, ko‘mir yoqib xonalar isitilganini aytdi. Shunda ham yurt kelajaklari loy bosib maktab darslariga o‘z vaqtida qatnashibdi.