Vazirlar Mahkamasining “Respublikada zamonaviy sanoat usulida omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Qaror bilan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining past rentabelli paxta va g‘alladan bo‘shagan, ozuqa ekinlari uchun ajratilgan maydonlarda joriy yilda makkajo‘xori ekinini joylashtirish hamda 2018-2019 yillarda hududlarda bo‘rdoqichilik komplekslarini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining “O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi tashkilotlar hamda tadbirkorlik sub'yektlaridagi mavjud omuxta yem ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilib borish va yangi quvvatlarni ishga tushirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Respublikada omuxta yem ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xomashyo bazasini ko‘paytirish maqsadida past rentabelli paxta va g‘alladan bo‘shagan maydonlarga 2018 yilda makkajo‘xori ekinini joylashtirish va makka doni yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari omuxta yem ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xomashyo bazasini ko‘paytirish uchun kelgusi yillarda ozuqa ekinlari ekish uchun ajratiladigan yer maydonlarini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda 2019 yil hosilidan boshlab, ozuqa ekinlarining superelita urug‘larini originatorlar va ilmiy tajriba stansiyalarida, elita urug‘larini urug‘chilik yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi boshqa tashkilotlarda yetishtirgan holda, ozuqa ekinlari uchun ajratiladigan maydonlarning urug‘likka bo‘lgan talabini to‘liq qondirish choralarini ko‘radi.

Qarorga muvofiq  joriy yilda 28 844 gektar maydonda makkajo‘xori ekiladi hamda 2018-2019 yillarda hududlarda 280 ta bo‘rdoqichilik komplekslari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 2018-2019 yillarda yiliga 354,0 ming tonna granulalangan va ekstrudirilgan zamonaviy omuxta yem ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali iste'molchilarning omuxta yemga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish rejalashtirilmoqda.