08:19 / 02.05.2018
10033

Havo ifloslanishi tufayli har yili qancha odam vafot etayotgani aytildi

Foto: Valeriy Sharifulin/TASS

Dunyoda har yili yetti million inson havoning ifloslanishi tufayli paydo bo‘lgan kasalliklardan vafot etadi. Bunday ma'lumotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan e'lon qilindi.

Unda ta'kidlanishicha, “ifloslanish darajasi dunyoning ko‘plab qismlarida juda xavfli ko‘rsatkichda turibdi”. “JSSTning yangi ma'lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘n kishidan to‘qqiz nafari iflos moddalarga yuqori to‘yingan havodan nafas olmoqda, hamda, so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, har yili 7 mln inson atmosfera havosi va xonalar ichidagi havo ifloslanishi tufayli vafot etmoqda”, - deya ta'kidlanadi tashkilot xabarnomasida.

Bunday o‘lim holatlarining 90 foizdan ortig‘i aholi jon boshiga past yoki o‘rtacha daromadga ega davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi, asosan Osiyo va Afrikada. JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus shunday dedi: “Havo ifloslanishi – barchamiz uchun tahdid, biroq eng kambag‘al aholi birinchi bo‘lib jabr ko‘radi”.

JSSTning ko‘rsatishicha, jahon bo‘ylab 40 foizdan ortiq inson yoki taxminan 3 mlrd kishi “uyda taom tayyorlashning toza texnologiyalaridan” foydalana olmaydi. Shu bilan birga, havo ifloslanishi ekspertlar tomonidan “juda jiddiy xatar omili” sifatida ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid
Top