O‘ylaymanki, Qirg‘iziston safariga borib to‘plagan ma'lumotlarim siz uchun qiziq bo‘ladi. “O‘sh safarini ikkinchisini qachon o‘qiymiz?”, - deya savol bergan KUN.UZ muxlislarining so‘rovi o‘zimga ham qirg‘iz qaymog‘idek yoqqani bor gap.
Ishoning, yonimizda joylashgan davlatda ikki kun yurish asnosida bir jahon yangilik kashf qildim. Mabodo, uzoqroq joyga borib qolsam - she'riy doston yozsam kerak.
Qo‘shni mamlakatdagi safarimiz to‘g‘risidagi maqolaning 1- qismida chegara postidan o‘tish, O‘sh shahar meriyasidagi qabul, hech qanday g‘oyasiz turgan Lenin haykali, o‘qituvchi va tibbiyotchilarning o‘rtacha maoshi, deyarli tekin internet va shahar markazida O‘zbekiston tomonidan tuhfa sifatida qurilayotgan maktab haqida suhbatlashgan edik.
Qirg‘izistonning janubiy poytaxti atalmish O‘sh shahri va viloyati haqidagi ikkinchi maqolamizdan ham sizga qiziq bo‘lgan hikoyalar o‘rin olgan.


Meriya xodimasi: “Qirg‘iz futboli o‘zbek futbolidan ilgarilab ketgan..”
O‘tgan gal aytib o‘tganimizdek, O‘sh shahar meriyasi bizni shahar bo‘ylab harakatlanish uchun “Toyota” mikroavtobusi bilan ta'minladi. Matbuot xizmati vakili bo‘lgan ikki xodim Julduz Ayatillayeva va Zamira Niyazbekovalar esa shaharni tanishtirish uchun KUN.Uzchilarga biriktirildilar.
Qiz bola bo‘lishiga qaramay Julduz futbolga juda qiziqar ekan. Yo‘l-yo‘lakay shu kunlarda O‘shning “Alay” jamoasi Osiyo kubogi bahslarida “Istiqlol” klubiga qarshi uchrashuv o‘tkazishini bot-bot esga solardi. Yangi bunyod etilgan futbol akademiyasiga borishni taklif qilar ekan: “Qirg‘iziston futboli sizlarnikidan oldinda...” deb ham qo‘ydi. Bu haqda esa keyinroq gaplashamiz.
Darhaqiqat, shahar markazida bunyod etilgan Momunov nomidagi futbol akademiyasidagi sharoitlar havas qiladigan darajada. Bu yerda Qirg‘izistonning janubiy viloyatlaridan 400 nafar futbolchi bo‘lishni orzu qiladigan bolalar kelib shug‘ullanishar ekan. Akademiya internat emas, shuning uchun yotoqxonasi yo‘q. O‘rganuvchilar xuddi bizdagi to‘garaklarmisol ma'lum kunlarda kelib-ketib shug‘ullanishadi.


































