O‘tgan haftaning dam olish kunlarida Angliya premer-ligasida 37-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. «Tribuna» turning asosiy voqealarini eslab o‘tadi.

Arsenning ketishi

«Arsenal» - «Byornli» - 5:0 (2:0).
Gollar: Obameyang, 14 (1:0). Lyakazett, 45+3 (2:0). Kolashinats, 54 (3:0). Ivobi, 64 (4:0). Obameyang, 75 (5:0).

1996 yilning 19 oktabrida «Arsenal» «Hayberi»da «Koventri» bilan durang o‘ynagandi, bu Arsen Venger uchun Londondagi birinchi uy uchrashuv bo‘lgandi. U oxirgi uy uchrashuvida jamoasi bilan «Emireyts»da «Byornli»ni yirik hisobda mag‘lub etdi (5:0).

Shu kuni bu natija emas, Vengerning xayrlashuv nutqi barchani to‘lqinlantirdi. «Arsenal» baribir Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan quruq qolgan, keyingi mavsumdan esa yangi hayot boshlashi kerak bo‘ladi. Yakshanba kuni «Arsenal» fanatlari keyingi oylar davomida murabbiyning iste'fosini talab qilib kelishganini unutishdi. Muxlislarning aksar qismi shu kuni stadionga 22 yillik murabbiyga minnatdorchilik so‘zlari bitilgan bannerlar va plakatlar ko‘tarib kelishdi.

«Arsenal» futbolchilari ham murabbiyga dil so‘zlari qoldirishgandi. Klub do‘konida futbolchilarning Vengerga qarata aytilgan so‘zlari yozilgan futbolkalari sotuvga qo‘yildi.

Fransiyalik mutaxassisga faxriy yo‘lak hosil qilindi - u bu e'tirofga loyiq ham edi.

O‘yindan keyin Venger mikrofonni qo‘liga oldi va muxlislar bilan to‘lgan «Emireyts»da nutq irod qildi. U nutqini boshlashga qiynaldi - muxlislar uzoq vaqt uning nomini qo‘shiq qilib aytib turishgandi. U birinchi navbatda shu kunlarda shifoxonaga yotqizilgan «MYu»ning sobiq ustozi ser Aleks Fergyusonga sog‘liq tiladi, shuningdek, hamisha «Arsenal» muxlisi bo‘lib qolajagini bildirdi va dedi: «Men sizlarni sog‘inaman». U o‘zi bilan xayrlashuvga kelgan muxlis bolakayga o‘z galstugini yechib berdi.

Endi barchasiga nuqta qo‘yildi. Rahmat, Arsen!

«Chelsi» Chempionlar ligasida o‘ynamoqchi

«Chelsi» - «Liverpul» - 1:0 (1:0)