Jahon | 00:02 / 09.05.2018
26045
2 daqiqa o‘qiladi

Forbes dunyoning eng nufuzli odamlari kimlar ekanini ma'lum qildi 

Forbes nashri dunyoning eng nufuzli odamlarining yangi reytingini tuzdi. Bu gal reytingga Xitoy raisi Si Tszinpin yetakchilik qilmoqda.

Nashr bu tanlovini joriy yilda Xitoy xalq vakillari yig‘ilishida mamlakat konstitutsiyasiga mamlakat yetakchisiga hokimiyat tepasida cheklanmagan marta qolish imkonini beruvchi o‘zgartirishlar kiritilgani bilan tushuntirgan. Nashrning yozishicha, “Si Tszinpin shaxsi Mao Tszedunnikiga tengdir”.

Xitoy yetakchisi ortidan 2-o‘rinni Rossiya prezidenti Vladimir Putin egallamoqda. Putin oxirgi 4 yil reytingga boshchilik qilib kelayotgandi.  

3-o‘rinni AQSh prezidenti Donald Tramp egallagan. Nashrning ta'kidlashicha, Trampning tashabbuslari kongressdan goh muvaffaqiyatli o‘tmoqda, goh “oqsamoqda”. U birdaniga bir nechta tergov markazida qolmoqda. Tramp eng kuchli armiya va iqtisodiyot rahbari bo‘la turib, ham shaxsiy hayoti, ham biznesidagi mojarolardan qutula olmayapti.  

4-o‘rin Germaniya kansleri Angela Merkelga berilgan. Nashrning qayd qilishicha, u “Yevropaning yetakchisi” hisoblanadi. Merkel o‘z hamfikrlari koalitsiyasini yaratishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, uni kelgusida Brexit va Yevropada migratsiyaga qarshi kayfiyatlar ko‘payotgani sababli qiyinchiliklar kutmoqda.

Merkelning ortidan Amazon asoschisi Jyeff Bezos, Rim papasi Frantsisk va Microsoft asoschisi Bill Geyts kelmoqda.

8-o‘rinni reytingga ilk bor kiritilgan 17 kishidan biri – Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, 9-o‘rinni esa Hindiston bosh vaziri Narendra Modi egallamoqda. Yetakchi o‘ntalikni Google asoschisi Larri Peyj yakunlamoqda 

Hammasi bo‘lib reytingga 75 kishi kiritilgan. Ular orasida, shuningdek, Suriya prezidenti Bashar Asad (62-o‘rin), Trampga qarshi tergovni olib borayotgan maxsus prokuror Robert Myuller (72-o‘rin) bor.

Mavzuga oid