Ayrim rus ommaviy axborot vositalari 16 may kuni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga rasmiy tashrifini amalga oshirayotgan pallada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri muovini Abdujabbor Abduvohidovniki deyilgan maktub nusxasini tarqatdi. Unda idora go‘yoki Afg‘onistondagi vaziyat ustidan nazorat yo‘qotilganida AQSh tomonini ayblagan, bu qo‘shni mamlakatlardagi terrorchilik faolligining ortishiga olib kelishi aytilgandi.

«Osiyoda jang yaqinlashmoqda: O‘zbekistonda IShIDning 5000 jangarisi» sarlavhali materialda «ushbu xat ma'lumot sizib chiqishi» tufayli qo‘lga kiritilgani bildirilgan. Qizig‘i shundaki, «xatning sizib chiqishi» O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi chog‘ida sodir bo‘ldi.

Xatning ishonchliligi jiddiy shubha tug‘dirardi. Kun.uz’ning Vazirlar Mahkamasi va Tashqi ishlar vazirligidagi manbalari ham xat soxta ekanligini tasdiqladi.

«Sizga ma'lumki, xalqaro terrorchilik guruhlari jangarilarining Suriya va Iroqdan siqib chiqarilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan O‘zbekiston uchun yoqimsiz elementlar oqimini keltirib chiqardi», - deyiladi 3 may sanasi qo‘yilgan, AQShning Toshkentdagi elchisi Pamela Spratlen nomiga yozilgan maktubda.

Abduvohidov nomidan yozilishicha, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston maxsus xizmatlarining «faol qarshiligi» terrorchilarni «O‘zbekistonni o‘z yo‘nalishining so‘nggi nuqtasi deb hisoblashga majbur qilyapti».

Maktubda O‘zbekiston xalqaro terrorizmning tarqatuvchisi sifatida ko‘rsatilgan. Maktubda Surxondaryo viloyatida terrorchilik tashkilotlarining besh mingga yaqin jangarilari borligini hisoblab chiqqan O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining «ma'lumoti»ga havola keltirilgan.

«Bunday vaziyat muqarrar ravishda mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga olib keladi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ancha qiyinlashtiradi», - deyiladi maktubda.

Abduvohidovning «maktubiga» asoslangan holda, rus matbuoti quyidagi xulosalarni keltiradi:

1. Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga olib keladi.

2. O‘zbekiston kuchishlatar tuzilmalari o‘zlariga yaqin bo‘lgan yerdagi terrorchilik faolligiga ko‘z yumishga majbur.

3. Va eng muhimi, mintaqa islomning radikal qarashlari va urush olib borish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan yana bir xalifalikni yaratishga tayyorlanilmoqda.