Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi mushtariylarimizning biridan quyidagi mazmundagi shikoyat tahririyatimiz pochtasiga kelib tushdi:
«Samarqandda banklarda plastikdagi pullarni naqdlashtirish juda katta muammo bo‘lib qolgan. Men o‘zim byudjyet korxonasida ishlayman. Oyligimni 100 foiz plastik kartaga berishadi. Oyligimni naqd qilish uchun bankka borganimda menga faqat «pul tugadi», «bankomat buzuq, ishlamayapti», deya qaytarib yuborishadi. Banklarda naqd pul muammo bo‘lib qolgan, navbat juda ham katta. Oxiriga kelganda «pul tugadi», deb qaytarib yuborishadi. Bugun «Hamkorbank»ka borishdan oldin qo‘ng‘iroq qildim, «bankomat ishlayapti, keling» deyishdi, borganimda esa «pul tugadi», deb asabni buzishdi. Axir shuncha vaqt yo‘qotib, borib kelish uchun yo‘lga xarajat qildim-ku?
Muhtaram prezidentimizning naqd pul bo‘yicha qarorlari ularga tegishli emasmi? Butun Samarqand xalqi azobda pulini naqd qila olmayapti. Ushbu masalaga oydinlik kiritib, matbuotda yoritishingizni so‘rayman. Faqat, iltimos, ismim sir bo‘lib qolsin».
Ushbu murojaatnomada ko‘rsatilgan vajni tekshirish uchun «Hamkorbank»ning Samarqand shahridagi har ikki filialida bo‘ldik. Bog‘ishamol filialida faqat xorijiy valyuta beruvchi bankomat ishlamoqda. So‘mni naqd qilib beruvchi bankomat yo‘q.
«Hamkorbank»ning Amir Temur ko‘chasida joylashgan filialida esa bankomat ishlab turibdi. 10–12 chog‘li fuqarodan iborat navbat bor. Pul berilmoqda.
— Markaziy bank tomonidan bitta plastik kartochkadan bir kunda 200 ming so‘m naqd pul yechib olish mumkin. Yagona bankomatimiz ertalab soat 8:00 dan kechki 21:00 gacha ishlamoqda. 4 ta kassetaga 60 million so‘m ketadi. Bir kunda 2–3 marta kassetalar yangilanib turadi. Ba'zan, ayrim paytlar, texnik nosozliklar bo‘ladi: aytaylik, tarmoqqa ulanish yo‘qolib qoladi. Bankomat buzilib qoladi, shularni aytmasa, puldan uzilish bo‘lgani yo‘q, — deydi ATB «Hamkorbank» Samarqand filiali chakana biznes bo‘limi boshlig‘i Asror Egamov.

A.Egamovning bizga bildirishicha, ayni paytda bank ichida joylashgan so‘m, xorijiy valyuta yechib olinsa bo‘ladigan bankomatlar, info va pul qabul qiluvchi kiosklarni bankning tashqarisiga joylashtirish, ularning sutkada 24 soat, haftada 7 kun tinimsiz aholiga xizmat ko‘rsatishiga imkon yaratish uchun ishlar olib borilmoqda.

























