Oltiariqda tadbirkorlar do‘koni ogohlantirishsiz buzib tashlandi.
«Kun.uz» tahririyati aholi murojaatlarini o‘rganishda davom etadi. Sayt pochtasiga Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanidagi bir guruh tadbirkorlarning bozor ichi va yonidagi do‘konlari ogohlantirishsiz buzib tashlangani haqidagi murojaati kelib tushdi.
Ijodiy guruh murojaatni o‘rganish maqsadida Oltiariq tumaniga otlandi.
Darhaqiqat, Oltiariq dehqon bozoriga borganimizda do‘konlar buzib tashlangan, tartib yo‘q, ahvol abgor edi. Dastavval bozor aylandik. Tadbirkorlardan bozor buzilishi haqida so‘radik. Ular shu yilning yanvar oyida ro‘y bergan katta mojaroni eslashdi. Shundan so‘ng murojaat yo‘llagan tadbirkorlar bilan ham uchrashdik. Ular bo‘lib o‘tgan ishlarni batafsil bayon qilishdi.
Bizga taqdim etilgan ushbu videotasvirlardan bozordagi do‘konlar yarim tunda hech qanday ogohlantirishsiz do‘kon ichidagi mollar bilan birgalikda buzilganini ko‘rish mumkin.

Holbuki, Oltiariq dehqon bozori yaqindagina qayta rekonstruksiya qilingan, tadbirkorlar mazkur qurilishga katta mablag‘lar sarflagan...
Ma'lum bo‘lishicha, tumanning sobiq hokimi Bo‘tayev 2016 yili hokimiyatda mablag‘ yo‘qligini vaj qilib, bozordagi tadbirkorlarni o‘z hisobidan do‘konlarni yangidan qurishga ko‘ndirgan va do‘konlarga 50 yilgacha hech kim tegmasligini kafolatlagan. Tadbirkorlarni ishontirish uchun bir qator tashkilotlar muhri bosilgan loyiha hujjatlari ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, tadbirkorlarning har biri 70-100 million so‘m atrofida mablag‘ sarflab, bir yil davomida qurilish ishlari olib borishgan.
Lekin ular 2017 yil kuzida qurilish ishlarini tugallab, savdo qilishga kirishmoqchi bo‘lganlarida, hokimiyat vakillari do‘konlar uchun kadastr hujjatlari qilib berishmagan.
2018 yilning yanvarida, 23 yanvarga o‘tar kechasi yarim tunda buldozer bilan do‘konlarni buzishga kirishishgan, do‘kondorlarning iltimoslari inobatga olinmagan, ularga tovon puli to‘lanmagan.
Murojaatchilarning iddao qilishicha, hokimiyatdagilar do‘konlarning buzilishini bu do‘konlarning o‘rni bo‘shatilishi, bu yer ochiq turishi kerakligini bilan izohlashgan. Ularga boshqa joy berish va'da qilingan.
Lekin endilikda bo‘shagan joylar boshqa tadbirkorga yangi gipermarket qurish uchun berilgan, jabrlanuvchilar uchun esa bozor hududidan tashqaridan joy berishmoqchi.
















