Qirg‘iziston hukumati sobiq ittifoqdan meros qolgan uran chiqitlari muammosini hal qilish yo‘llarini qidirmoqda, dedi mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Qubatbek Bo‘ronov «Markaziy Osiyodagi uran qoldiq ko‘mmalari: tahdidlarni kamaytirish yo‘lidagi hamjihat harakatlar» xalqaro anjumani davomida. Bu haqda «Anado‘lu» agentligi xabar bermoqda.

Foto: aa.com.tr

Konferentsiyada hukumat, milliy va xalqaro idoralar hamda sherik davlatlar vakillari ishtirok etib, uran chiqitlarini xavfsiz joyga ko‘chirib, uni puxta saqlash bo‘yicha harakatlar rejasini muhokama qilishdi.

«Hammasidan xavfli jihati shundaki, uran ko‘mmalari daryolar va suv manbalari yaqinida joylashgan bo‘lib, ular butun Markaziy Osiyo basseynining bir qismi hisoblanadi», — deya ta'kidlagan Bo‘ronov.

Qirg‘iziston hukumati so‘nggi 5 yilda mintaqada vaziyatni yaxshilash borasida ish olib bormoqda. Bunday uran ko‘mmalari insonlarning salomatligiga jiddiy tahdid uyg‘otmoqda, qandaydir bir falokat ro‘y bersa bu keng miqyosdagi ekologik ofatlarga sabab bo‘ladi, dedi bosh vazir o‘rinbosari. Bo‘ronovning so‘zlariga ko‘ra, bu tahdidni kamaytirish uchun masalahatlashib ehtimolli falokatlarni oldini olish kerak.

Bo‘ronovning qayd etishicha, chiqitlarni boshqa joyga ko‘chirish masalasi hukumatning uzoq muddatli muhim loyihalaridan biri bo‘lib, Bishkekni mazkur masalada xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlashi zarurligiga e'tibor qaratdi.

Qirg‘iziston hukumati qoshidagi atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi muhofazasi davlat qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, respublikada radioaktiv chiqindilarning ko‘p miqdorda to‘planib qolishiga XX asrning 40–50-yillarida uran sanoatiga oid kon qazib oluvchi va qayta ishlovchi faoliyati sabab bo‘lgan. 50-yillarning o‘rtalaridan boshlab hozirga qadar respublikada 18 ta kon qazuvchi korxonalar, jumladan to‘rtta uran xomashyosi qazib oluvchi korxona yopib qo‘yilgan yoki konservatsiya qilingan.