07:37 / 18.05.2018
27406

Surxondaryo viloyati hokimi Avstriya yirik kompaniya rahbarlari bilan kelishuvga erishdi

Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiya Avstriyadagi qator yirik sanoat korxonalari rahbarlari bilan uchrashib, 50 million dollarga teng o‘zaro manfaatli kelishuvlarni imzolashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda hokimlik Matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qilgan. 

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati

Dastlab, delegatsiya a'zolari “Lemberona GmbH” meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash kompaniyasining bosh direktori Jozef Bertagnol bilan uchrashdi. Samimiy muloqot davomida hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Bu borada hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, bu mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish yuzasidan fikr mulohazalar bildirildi. 

So‘ng, viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya “Klinger” kompaniyasida ham bo‘lib, bosh menejyer Guyunter Yakobartol bilan uchrashdi. O‘zbekistonlik mehmonlar mazkur kompaniyaning ixtisoslashtirilgan qoramolchilik fermasi hamda uning karantin markazi va oziq-ovqat bazasini ko‘zdan kechirishdi. 
 
“Oberhofer Stalbau GmbH” Avstriyadagi yirik qurilish kompaniyalaridan biri sanaladi. Mazkur qurilish konsernida bo‘lgan delegatsiya a'zolari uning Prezidenti Aleksandr Oberxofer bilan uchrashdi. Muloqotda sanoat korxonalari, fabrika va zavodlar, yirik bino va inshootlar, yo‘l va ko‘prik qurilishi loyihalari, ishlab chiqarilayotgan qurilish mahsulotlari hajmi borasida batafsil ma'lumotlar berildi.

Shunday qilib, Avstriyada bo‘lgan uchrashuvlar davomida yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi, va dastlabki kunda 50 million AQSh dollarlik ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishildi.
 
Surxondaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Vengriya va Slovakiya davlatlarida ham bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top