O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali charmni olib chiqishga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori muhokama uchun e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, charmni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqishga ruxsatnoma bir yilga beriladi va ruxsatnoma berish Idoralararo komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Uyushma a'zolari – tashkilotlar kelgusi yil uchun charmni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqishga ruxsatnoma olish uchun joriy yilning 1 dekabriga qadar olib chiqiladigan mahsulotning fizik hajmini ko‘rsatgan holda Uyushmaga buyurtma taqdim etadilar.

Uyushma a'zolari – tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan buyurtmalar Uyushma tomonidan 10 ish kuni muddatida jahon bozorlarining joriy va istiqbolli kon'yunkturasi va marketing tadqiqotlari natijalariga asosan ko‘rib chiqiladi.

Jahon bozorlaridagi narxlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar asosida ko‘rib chiqish natijalaridan kelib chiqib Uyushma tomonidan barcha buyurtmalar bo‘yicha jamlanma ma'lumot tayyorlanadi va 15 dekabrdan kechikmasdan Tashqi savdo vazirligiga taqdim etiladi.

Tashqi savdo vazirligi Uyushma tomonidan taqdim etilgan jamlanma ma'lumotni o‘z vakolatlari doirasida ko‘rib chiqadi va 20 dekabrdan kechikmasdan charmni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqishga ruxsatnoma berish uchun Idoralararo komissiyaga taqdim etadi.

Idoralararo komissiya taqdim etilgan ma'lumotlarni 25 dekabrdan kechikmasdan ko‘rib chiqadi va charmni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqishning minimal narxlarini belgilagan holda, kelgusi yil uchun bir yil muddatga charmni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqishga ruxsatnoma beradi.

Idoralararo komissiyaning ruxsatnomasi Idoralararo komissiya bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Uyushma a'zolari – tashkilotlar tomonidan charmni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqish bo‘yicha yil davomida qo‘shimcha ruxsatnomaga ehtiyoj tug‘ilganida ruxsatnoma berish yuqoridagi tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Bunda ruxsatnoma berish bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlarning har bir bosqichida hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati besh ish kunidan oshmasligi lozim.

Charmni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqish bo‘yicha eksport kontraktlarini Idoralararo komissiyaning ruxsatnomasiga muvofiqligi monitoringi va nazorati Uyushma tomonidan amalga oshiriladi.