O‘zbekiston | 14:40 / 20.05.2018
15194
5 daqiqa o‘qiladi

Tsellofan paketlar bilan bog‘liq taqiqlovlar va yangi maxsus veb-portal: Maishiy chiqindilar tizimi tartibga keltiriladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Respublika  atrof-muhit muhofazasini ta'minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda hududlarning sanitariya-ekologik holatini yaxshilash sohasidagi tadbirlarni qamrab olgan ushbu hujjatning mazmun-mohiyati haqida "Axborot 24" dasturida xabar berildi. 

O‘zbekistonda bir kunda hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilar miqdori 12-13,5 ming tonnani tashkil qiladi. Bir yilda esa bu naq 5 million tonnaga yetadi. Mana shu chiqindilarning qariyb yarmi, ya'ni 45 foizi Toshkent shahri, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

To‘g‘ri, so‘nggi bir yildan ortiq davr ichida maishiy chiqindilar bilan bog‘liq tizim infratuzilmani takomillashtirish, quvvati yiliga million tonnadan ortiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan kompleks klasterlarni tashkil etish bo‘yicha qator ishlar qilindi. Respublika viloyat markazlarida 13 ta, tumanlarda esa 174ta toza hudud korxonalari tashkil etildi. 2017 yilda 128ta maxsus texnika xarid qilingan bo‘lsa, 2018 yil oxirigacha bu raqam 283 taga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Natijada sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari faoliyat qamrovi o‘n baravardan ortdi, lekin baribir muammo bor. 

Qaror bilan endilikda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga mazkur sohaga investitsiya kiritish niyatidagi tadbirkorlarni davlat-xususiy sektor sherikligi asosida jalb etish ko‘zda tutilmoqda. Bunda ham bir nozik jihat bor: chiqindilarni turlariga qarab, ya'ni shishani shishaga, plastikni plastikka ajratib, qayta ishlash yaxshigina daromad keltiradi. Tadbirkorlar bilan shartnoma tuzganda istagan hududni tanlash tamoyili bo‘lmaydi. Bu 1 avgustdan boshlab elektron tanlov asosida amalga oshadi. 

Qaror bilan 2019 yilning 1 yanvaridan e'tiboran yana bir tartib joriy etiladi: bu kundalik foydalaniladigan polimer paketlar bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, o‘ta yupqa tselofan paketlar garchi qayta ishlash maqsadida yig‘ilsa ham, ularni yolchitib qayta ishlash imkoni yo‘q ekan. Xalqaro tajribadan kelib chiqib, sellofan paketlarini 40 mikrongacha ishlab chiqarish va import qilish taqiqlandi. Bundan tashqari, sellofan paketlarni bepul berish, o‘z qiymatidan arzon narxda sotish ham man qilinmoqda. 

Bu yo‘nalishdagi ishlar faqat taqiq bilan tugamaydi. Davlat ekologiya qo‘mitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga xorij tajribasi va jamoatchilik muhokamasini hisobga olib, 2020 yilning 1 yanvariga qadar foydalanish xususiyatini yo‘qotganidan so‘ng atrof-muhitga zarar yetkazadigan, ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar guruhiga ekologik yig‘imni joriy qilish yuzasidan asoslangan takliflar kiritish vazifasi topshirilgan. 

2018 yilning 1 sentabriga qadar yana bir yangilik joriy etiladigan bo‘ldi - aholiga atrof-muhit holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi sohadagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida foto- va videomateriallar joylashtiriladigan maxsus veb-portal ishga tushiriladi. Davlat organlari tomonidan bu holatlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. 

Qarorda jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish tartibi ham o‘zgarishi ko‘zda tutilgan. Endilikda bu xizmatlar individual tarzda emas, ommaviy shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi. Xonadonlarga ommaviy tarzda ogohlantirish xati yo‘llanadi va shu asosda xizmat ko‘rsatish uchun to‘lov miqdori belgilanadi. Fuqarolik sudlariga da'vo arizasi orqali kiritilib, shu orqali to‘lov undiriladi.

Mazkur qarorda Davlat ekologik qo‘mitasiga Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda hududlarni ifloslantirganlik uchun shaxslarni javobgarlikka tortish, fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishning ta'sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Darvoqe, qarorda 2019-2021 yillarda "Toza hudud" davlat unitar korxonalarini maxsus texnika va uskunalar bilan jihozlash, chiqindi to‘plash shoxobchalarini qurish va ularni konteynerlar bilan ta'minlash, korxonalarning faoliyat ko‘rsatayotgan poligonlarini tartibga keltirish kabi infratuzilmaviy dasturlar ham tasdiqlandi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid