O‘zbekiston | 18:43 / 22.05.2018
51565
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Sergey Shoyguni qabul qildi

Bugun, 22 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan mamlakatga kelgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanayotgani hamda o‘zaro manfaatli barcha sohalarda amaliy hamkorlik rivojining yuqori sur'atlaridan chuqur mamnuniyat izhor etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mintaqalar va ishbilarmon doiralar o‘rtasida aloqalar hamda almashinuvlar jadallashgani, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida istiqbolli dastur va loyihalar birgalikda amalga oshirilayotgani, madaniy-gumanitar sohadagi samarali hamkorlik aloqalari alohida qayd etildi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamda harbiy-texnikaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, jumladan, qalin idoralararo hamkorlik, ikki tomonlama tadbirlarni o‘tkazish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash va boshqalar masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari va mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha fikr almashildi.

Mudofaa vaziri Sergey Shoygu samimiy qabul uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mamlakatda qurolli kuchlarni modernizatsiya qilish va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslariga yuksak baho berildi.

Ikki mamlakat va xalqlar manfaati yo‘lida Rossiya tomoni O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish hamda chuqurlashtirishga tayyor ekanligi ta'kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va Putin telefon orqali muloqot qilgani xabar berilgandi.

Bundan avval esa O‘zbekiston mudofaa vaziri ham Sergey Shoygu bilan uchrashgandi.

Mavzuga oid