Jamiyat | 09:53 / 22.05.2018
10871
3 daqiqa o‘qiladi

Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma o‘z vaqtida olinmagan hollarda nima qilish kerak? 

Ba'zi hollarda, moliyaviy qiyinchilik, e'tiborsizlik, ota-onaning hujjatlari (pasport, nikoh guvohnomasi)ning mavjud emasligi va x.k sabablar tufayli tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma vaqtida olinmaydi. Bu holat kelgusida bola uchun nafaqa olishda, fuqarolikni belgilashda, uni bog‘chaga, maktabga berishda muammolar, ovoragarchiliklarga sabab bo‘ladi, deb xabar qilmoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Xo‘sh bunday holatda nima qilish kerak?

1-holat bola tug‘ruqxonada tug‘ilgan bo‘lsa.

Bunda, ota-ona yashayotgan yoki bola tug‘ilgan joydagi FHDYo organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish lozim:

• ota-onaning pasporti;
• bolaning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma'lumotnoma (mazkur ma'lumotnoma so‘ralgan kuni tug‘ruqxona tomonidan taqdim etiladi);
• bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida ma'lumotnoma (poliklinikadan olinadi);
• bolaning ta'lim olayotganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma (agar o‘qiyotgan bo‘lsa);
• bola tug‘ilgan joydagi FHDYo arxividan ushbu bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma.

2-holat bola uyda tug‘ilgan bo‘lsa

Bunda, ota-ona yashayotgan yoki bola tug‘ilgan joydagi FHDYo organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish lozim:

• ota-onaning pasporti;
• bolaning ushbu onadan tug‘ilganligiga guvoh bo‘lganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma (dalolatnoma bola tug‘ilgan kunda rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart);
• dalolatnoma asosida uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan ma'lumotnoma;
• bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida ma'lumotnoma (poliklinikadan olinadi);
• bolaning ta'lim olayotganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma (agar o‘qiyotgan bo‘lsa);
• bola tug‘ilgan joydagi FHDYo arxividan ushbu bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma.

Agar bolaning ushbu onadan tug‘ilganligiga guvoh bo‘lganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tuzilmagan bo‘lsa, bunday hollarda bolaning aynan shu onadan tug‘ilganligi fakti fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tomonidan belgilanadi. 

Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma barcha hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kuni beriladi. Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berilganligi uchun 25 830 so‘m miqdorida yig‘im undiriladi.

Mavzuga oid