KUN.UZ tahririyatiga navbatdagi murojaat kelib tushdi. U Toshkent shahrida qatnovchi yo‘nalishli avtobuslar haqida bo‘lib, batafsil yozilgan. Murojaat egasi muammoni o‘rtaga tashlash bilan birga, unga yechim izlashga ham harakat qilgan, o‘z takliflarini o‘rtaga tashlagan.

Assalomu alaykum hurmatli Kun.uz jamoasi!

Muammoni hal qilishi kerak bo‘lgan bevosita mutasaddilar pinagini buzmaganidan keyin, ko‘plab muammolarni hal qilishda yetakchi bo‘layotganingizni ko‘rib-bilib turib, Sizlarga murojaat qilishga qaror qildim (yo‘lovchilar nomidan).

So‘nggi yillarda Respublikamizda barcha sohalarda juda katta ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Buni transport xizmati sohasida ham amalga oshirilayotganligini ko‘rib turibmiz. Poytaxtimiz yo‘llarida zamonaviy va qulay transport vositalari harakatlanmoqda, yo‘lovchilar uchun shinam bekatlar qurildi, foydalanuvchilarning o‘zlariga kerakli avtobus yo‘nalishlari harakatini onlayn kuzatib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Ular ham asta-sekin bartaraf etilishiga ishonamiz. Ammo "asta-sekin" bartaraf etmasdan ba'zi muammolarni hozirgi vaqtning o‘zida hal etish mumkin. Ushbu muammo har kuni ertalab ko‘pchilik yo‘lovchilar bilan yuz beradi.

Masalan, o‘zim bilan bog‘liq muammo:

Ertalab soat sakkizlarda ishga borish uchun Qo‘yliq-Chorsu yo‘nalishidagi 68-avtobusga chiqish maqsadida “Risoviy” bozor bekatida bo‘laman. Ammo oldiniga avtobusga 1 kun chiqsam 1 kun chiqolmasdim, hozirda esa 1 kun chiqsam, 3 kun chiqolmayman (birgina men emas). Sababi oyoq qo‘yishga joy yo‘q (oyoq qo‘ysangiz bas, eshikning o‘zi tanangizni ichkariga kiritib qo‘yadi). Keyin taksida ketishga majbur bo‘laman, chunki boshqa avtobuslar ham deyarli shunday, 190-yo‘nalishli marshrutkaga chiqib olishning mutlaqo iloji yo‘q, doim to‘lib keladi.

1-savol (xayolan): Nima uchun bunchalik tiqilinch?

Javob: Savolingizga javobni o‘zingiz berib turibsiz, ertalab soat sakkizlarda chiqaman deb, bilasiz ertalab hamma ishga, o‘qishga boradi.

2-savol: Unda nima uchun tezroq yurmaysizlar, har o‘n–o‘n besh daqiqada (hozirda ertalab 20-30 daqiqa)?

Javob: Bizlarda belgilangan grafik bor!

Shu bilan shofyor bilan savol-javob tugadi (Ichingizda savol-javob davom etadi, agar grafik bo‘lsa, 57 daqiqa deb belgilangan masofani nega 97 daqiqada bosib o‘tasizlar? Aytyapman-ku, odam tiqilinch, bekatlarda ko‘proq to‘xtashga majbur bo‘lyapmiz, svetoforlar bor, mashina ko‘p – yo‘llar tirband).