“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Xalq ta'limi vazirligi tomonidan soha mutaxassislari va yetakchi dizaynerlarni jalb qilgan holda ko‘p variantlilik asosida maktab o‘quvchilari formalarining turli modellari namunalari tayyorlandi. 23 may kuni o‘tkazilgan Xalqaro Press klubning navbatdagi sessiyasi mana shu mavzuga bag‘ishlanadi. 

Maktab formalarining turli modellarini qishloq va shahar sharoitida o‘quvchilarga qulayligi va chidamliligini, shuningdek ota-onalar, o‘quvchi va o‘qituvchilarning fikrlarini o‘rganish maqsadida ularni Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 91-sonli va Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 4-sonli umumta'lim maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazish belgilandi.

Tajriba-sinovdan o‘tkaziladigan maktab formalarini xarid qilish va o‘quvchilarga bepul tarqatish uchun Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 yanvardagi majlis bayoni asosida ushbu maktablarga “Mahalla” xayriya jamoat fondidan 378 mln. so‘m (91-maktabga 240 mln. so‘m va 4-maktabga 138 mln. so‘m) mablag‘ ajratilgan.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan maktab formalari tajriba-sinov uchun yetkazib berilgan bo‘lib, tajriba-sinov jarayonini sifatli tashkil etish maqsadida ota-onalar uchun so‘rovnoma shakli ishlab chiqilib, formalar bilan birgalikda barcha ota-onalarga tarqatildi.

Joriy yil mart-may oylarida 10 xildagi namunaviy maktab formalari tajriba-sinovdan o‘tkazildi.

Ota-onalar, o‘quvchi va o‘qituvchilarning fikrlari tahlil qilinib, ularning fikrlari asosida tanlab olinadigan dizayndagi maktab formalarini 2018-2019 o‘quv yilidan barcha umumta'lim maktablariga joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinadi.

Ma'lum qilinishicha, mazkur qaror loyihasida quyidagilar nazarda tutiladi:

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan maktab formalarini tayyorlash uchun hududlardagi tegishli quvvatga ega ishlab chiqaruvchilarni belgilash va tasdiqlangan namunaviy shakllardagi maktab formalarini narxlarning ijtimoiy hammabopligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratgan holda ishlab chiqarilishini tashkil etish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda 2018 yil iyul oyidan boshlab maktab formalari savdosini tashkil qilish bo‘yicha respublikaning barcha tuman (shahar) markazlarida aholiga qulay joylarda maktab formalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning ixtisoslashtirilgan savdo shoxobchalarini tashkil qilishi;