Bundan bir necha oy oldin O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniyada «Real» klubi akademiyasi direktori Xulio Ronko bilan o‘zaro hamkorlik masalasida kelishuvga erishgan edi. Bugun, 22 may kuni ana shu hamkorlik doirasida «Real Madrid» akademiyasi vakillari O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘lishdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bergan.

Akademiya mutaxassislari Pablo Revenga va Andes Boraxxoni u yerda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov kutib olishdi. Uchrashuvda «Qirollik klubi»ning Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida «Real»da faoliyat olib borayotgan murabbiylarni O‘zbekistonga olib kelish, ular ishtirokida futbol maktablarimizda mashg‘ulotlar o‘tkazish, futbolchilar bilan ishlash jarayonlari bo‘yicha tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.
«Avvalambor yurtimizga xush kelibsizlar. Sizlarni O‘zbekistonda ko‘rib turganimizdan xursandmiz. «Real» akademiyasida bo‘lib qaytganimizga ham ko‘p bo‘lmadi. U yerda klub akademiyasi prezidenti bilan uchrashdik. O‘zbekistonda «Real» akademiyasi ochilishini eshitib xalqimiz juda xursand bo‘ldi. Xabaringiz bor, ayni paytda La Liga bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Ispaniya futboliga butun dunyo havas qiladi. Ushbu hamkorlik samarasi o‘laroq o‘zbek futboliga ham Ispaniyaning yo‘lini bersin deb qolamiz. Hamkorligimiz orqali o‘zbek futbolini yuqori darajaga ko‘tarish umididamiz», – dedi Umid Ahmadjonov.
Shuningdek, MOQ rahbari va O‘FA birinchi vitse-prezidenti bu yerda ish olib borish uchun kerak bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi.
Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov «Real» bilan hamkorlik qilish O‘zbekiston uchun qiziq bo‘lishi haqida gapirdi.
«Ispaniya futboli to‘g‘risida nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda juda yaxshi bilishadi. O‘zbekistonda ham futbol maktablari bor, endi biz ushbu maktablarni yanada rivojlantirmoqchimiz. Mamlakatimiz rahbari ham bolalar uchun ixtisoslashtirilgan futbol akademiyalarini tashkil qilish borasida oldimizga bir qancha vazifalarni qo‘ygan. Shuning uchun, bu borada Yevropa mamlakatlari bilan muzokaralar olib boryapmiz. «Real»ning bu boradagi tajribasi biz uchun juda qiziqarli. MOQ va O‘FA rahbariyati tomonidan ham futbolni rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. O‘ylaymizki, bu ishlar kelajakda albatta o‘z mevasini beradi», – dedi Shoakram Isroilov.



















