Shu yilning 18 aprel kuni KUN.UZ saytida “Shifoxona ta'mirlanishi sabab Jahon bankidan kredit olgan firma bankrot bo‘lishi mumkin” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Shifoxona ta'mirlanishi sabab Jahon bankidan kredit olgan firma bankrot bo‘lishi mumkin

Unda Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 35-A uy manzilida joylashgan “Ravshan Yodik Production” MChJ karton qutilari, plyonka mahsulotlari va granulalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan firma bino va inshootlari, Toshkent Ruhiy kasalliklar shifoxonasi ta'mirlanishi sababli buzilishga tushgani, uning o‘rnida avtoturargoh barpo etish rejalashtirilgani, firmaning Jahon va Osiyo taraqqiyot bankidan yirik miqdorda kredit olgani, mazkur kredit kafolati sifatida ushbu ishlab chiqarish maydoni kafolatga qo‘yilgani va firma duch kelayotgan boshqa muammolar haqida yozilgan edi. 

Bundan tashqari, tadbirkorga ishlab chiqarishini boshqa joyga ko‘chirish taklif etilgan bo‘lsa-da, tayinli bino yoki maydon taqdim etilmagani, ko‘chish xarajatlari kim tomonida qoplanishi ochiq qolgani ham ta'kidlangandi. 

Biz maqola e'lon qilinganidan so‘ng o‘tgan 1 oydan ortiq vaqt mobaynida nima o‘zgarganini bilish maqsadida “Ravshan Yodik Production” MChJ direktori Rustam Bo‘riyev bilan telefon orqali bog‘landik.

Rustam Bo‘riyevning ma'lum qilishicha, maqola e'lon qilinganidan keyin, unda qayd etilgan ma'lumotlar mutasaddi rahbarlar tomonidan joyiga kelgan holda tegishlicha o‘rganilib, xulosalar berilgan. 

Bundan tashqari, maqola e'lon qilinmasdan avvalroq, ya'ni 2018 yil 12 aprel kuni Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda respublika Bosh prokurori, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etgan.