KUN.UZ sayti fuqarolardan tushgan murojaatlarni o‘rganib, yechimini kutayotgan muammolarni jamoatchilik e'tiboriga havola qilib kelmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidan tushgan murojaatni o‘rganish asnosida tumanning “Tamaddun” mahallasi aholisini boshqa bir ijtimoiy masala qiynab kelayotganini aytishdi. Shu mahallada yashab kelayotgan keksa kishilarning ta'kidlashlaricha, tumanga 2018 yil mart oyining 15-sanasidan beri gaz balonlari yetkazib berilmagan. Biz mahalla raisi Mingpo‘lat Ro‘ziyev bilan birga qariyalar so‘zlariga quloq tutdik.

“Mart oyini o‘rtalaridan beri gaz kelgani yo‘q. Navbatimiz kelishini kutayapmiz. Balonlar almashib ketishi oqibatida eski balonlar ichidagi suyuqliklar to‘kilmasdan gaz olib kelinmoqda. 6 mingga yaqin kishi yashaydi bu mahallada. O‘tin topib, yetkazib bo‘lmayapti. Kichik oilalarga bir balon bir oyga yetishi mumkin, lekin katta oilalarga, bir hovlida 2-3ta oila yashasa, gaz yetmaydi, balon bermaydi. Uyimizdagi kichik balonni esa olmayapti. Ularni standartdan o‘tkazdik, 12 mingga. 

Mana oldimizdagi bog‘chada bir necha kundan beri balon bo‘lmagani sababli o‘choqqa o‘t yoqib bolalarga ovqat tayyorlayapti. Bizni mahalla eng katta bo‘lishi bilan birga, qariyalar, pensionerlar ko‘p mahalla hisoblanadi. Qolaversa, mahallada bitta dorixona yo‘q. Ba'zida bizlarga shoshilinch dori-darmon kerak bo‘lib qoladi, shunda juda qiynalamiz”, - deyishdi qariyalar.

Abdusalom Tursunov

Biz gaz ta'minotidagi uzilishlar bo‘yicha izoh so‘rab, Sho‘rchi tumanlararo gaz ta'minoti uchastkasi boshlig‘i v.b. Abdusalom Tursunovga murojaat qildik.

“Bizdagi “Tamaddun” mahallasi gaz balon ta'minoti bo‘yicha 120 foiz ta'minlangan desam, xato qilmayman. Nega, deganda, bir xonadonda 10 kishidan ortiq odam bo‘lgan oilalarni ham xatlov qilib, balon berganmiz. Qish mavsumiga kiritilgan 5 oy mobaynida, haqiqatdan ham bir oyda bir marta gaz balon to‘ldirib tarqatganmiz.

Ammo, yoz mavsumiga kelganda, gazni saqlash biroz qiyin bo‘lgani sababli limit, aytaylik 600 dan 400-450 ga tushadi. Shuning evaziga aholini tabiiy gaz bilan ta'minlashda uzilishlar bo‘ladi. Bizning boshqa bir muammomiz, 2ta “Isuzu” mashinasiga ehtiyojimiz bor. Prezidentning Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bu narsa aytilgan. Shu yilning avgust oyigacha transport vositasi bilan ta'minlab berishadi. Shundan keyin balonlarni aholiga yetkazib berishda muammo bo‘lmasligi kerak. Lekin GMPda gaz limiti tugab qolishi natijasida ishchilarimiz ham vaqtincha ishsiz qoladi. Masalan, aprelning 28ida gaz tugagan bo‘lsa, 5 mayda gaz chiqa boshladi, - dedi A.Tursunov.