O‘zbekiston | 08:46 / 25.05.2018
16486
4 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziri vijdon erkinligi bo‘yicha savollarga javob qaytardi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

24 may kuni Adliya vazirligida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov OAV vakillari, jurnalist va blogerlar bilan muloqot o‘tkazdi. 

Azon.uz xodimi ibodat libosi masalasiga to‘xtalib, quyidagicha savol bergan:

"MY5" kanalida bog‘lardagi «sevishganlarni» ko‘rsatuvi chiqdi. Shundan so‘ng Adliya vazirligi tomonidan "MY5" kanaliga tavsiyanoma berildi. Bu insonning shaxsiy huquqi, shaxsiy daxlsizligi, bunga aralashib bo‘lmaydi mazmunida. Lekin mana KUN.uz saytida ham, AZON.uz saytida ham juda ko‘p bora ayol-qizlar hijobda bo‘lganligi uchun ta'lim muassasalariga, davlat muassasalariga, konsertlarga, qo‘yilmayotgani, ularning ta'lim olishida hijobda bo‘lganliklari uchungina juda ko‘p tazyiq bo‘layotganligi kelayotgan murojaatlar bo‘yicha yozilmoqda. Adliya vazirligi ushbu masalada ham OAV vositalarida chiqqan ma'lumotlar bo‘yicha e'tibor qaratsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi”.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bu savolga quyidagicha javob qaytardi:

“Bog‘lardagi sevishganlar masalasiga kelsak. Albatta bizning axloqimiz, ma'naviyatimiz, o‘ziga xos qadriyatlarimiz bor. Va bularni saqlab qolishimiz kerak. Lekin buni qanday saqlab qolamiz degan masala bor. "MY5" telekanali orqali efirga uzatilgan mavzu juda dolzarb. Hech kim xohlamaydi o‘zining farzandini qiz bola bo‘ladimi, o‘g‘il bola bo‘ladimi shunday holatda o‘tirishini. Faqat qonun, huquq degan narsalar bor. Buni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Bunda shaxsning shaxsiy daxlsizlik huquqi bor. Ular ham aytishi mumkin. Bizning shaxsiy daxlsizlik huquqimiz bor. Bu mening hayotim deydi, mening huquqim bor, konstitutsiya bilan ta'minlangan mening huquqim, nimaga buni poymol qilyapsan, deydi. Biz bu holatda hech qanday agressiv fikr bildirmadik. Faqat aytdikki, shunga e'tibor qiling deyilgan tavsiyaviy ruhdagi ma'lumot yubordik.

Endi hijobda yurganlarning konsertga kiritilmaslik degan narsaga kelsak, agar shunday holat bo‘ladigan bo‘lsa, biz bunga vazirlik sifatida, inson huquqlari nuqtai nazaridan o‘z fikrimizni bildiramiz.

Umuman hijob masalasiga kelsak, bu masala juda ko‘p bora ko‘tarilayotgan masala. Biz buni ochiq aytishimiz kerak. Yashirib ham o‘tirmaslik kerak. Hijob o‘rab jamiyatda yurishibdi, lekin turli xil ichki munosabatlarda, mehnat munosabatlarida, ichki munosabatlarda qandaydir tushunmovchilikka duch kelinayotgan holatlar bo‘lishi mumkin.

Mana siz konsertga borganda yoki boshqa holatlarda deyapsiz, bizga bu bo‘yicha muammo kelib tushmagan. Agar kelib tushsa albatta shug‘ullanamiz”, deb aytdi adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq adliya vaziri ibodat libosi masalasiga ham to‘xtalib o‘tgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid