O‘zbekiston | 08:13 / 25.05.2018
25413
3 daqiqa o‘qiladi

«Bolaning masjidga borish-bormasligini ota-ona hal qiladi» - Ruslanbek Davletov

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

24 may kuni Adliya vazirligida adliya vaziri Ruslanbek Davletov OAV vakillari, jurnalist va blogerlar bilan muloqot o‘tkazdi. 

Azon.uz xabariga ko‘ra, unda adliya vaziri masjidga bormaslik haqida yozdirib olinadigan tilxatlar haqida berilgan savolga quyidagicha javob qaytardi:

“Tilxat degan narsaga kelsak, shaxsan o‘zim xodim bo‘lib ishlab yurganimda ham tilxat bermaganman. Tilxat bilan hech qanday yangi huquq ham kirmaydi yoki yangi majburiyat ham olinmaydi. Faqat agar siz fuqarolik munosabatiga kirib tilxat bersangiz, deylik kimdandir qarz olib tilxat yozsangiz buni sud tan oladi. Tilxatning ana shu shartnoma nuqtai nazaridan o‘rni bor.

Endi bu talab (bolalarning masjidga kirmasligi)ning o‘zi noto‘g‘ri. Bolalarga birinchi navbatda majburiy ta'lim-ku, shu masalada juda katta muammoga ega bo‘lganmiz. Kollejdagi davomat 70, 50, 30 foizni tashkil etgan. Buning oqibatida salbiy holatlar kelib chiqqan. Qanchalari chetga ketib qolgan. Shuning uchun pastdagi rahbarlar tilxat yoki boshqa bir nazorat qilish uchun o‘ylab topadigan narsalari. Tilxat bilan hech narsa hal bo‘lmaydi. Yozgi ta'til bo‘lishidan oldin tilxat yozdiriladi. Bunday tilxatlardan voz kechishimiz kerak. Jamiyatni qonun-qoida bilan tartibga solishimiz kerak. Shuning uchun bunday tilxatlarga qarshiman. Masjidga borish masalasiga kelsak, bu masalani bolaning ota-onasi hal qiladi.

Bu yerda majburiy ta'limni ham e'tiborga olish kerak. U darsga borishi, kerakli fanlarni o‘qishi kerak. Men ta'lim sifati bo‘yicha gapirmayapman. Bu ikkinchi masala. Lekin bugun bizning pozitsiyamiz, ota-ona sifatida ham aytib o‘tishim kerak. Mening ham bolalarim qiziqadi. Diniy masalalar bo‘yicha ham gaplashamiz. Ularga saboq beramiz.

Bu masalalarni ota-ona hal qiladi. Bu shu darajadagi munosabat deb o‘ylayman. Shuning uchun bu masalaga ana shunday yondashish kerak”, - deb aytgan adliya vaziri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq adliya vaziri ibodat libosi masalasiga ham to‘xtalib o‘tgandi.

Mavzuga oid