Shu yilning 20 may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida 7ta yuk avtomobiliga ortilgan 70 milliondan ziyod qalampir ko‘chatlari chiqindiga tashlab yuborildi. 10 kun davomida muzlatgichda saqlangan, narxi 2 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan ko‘chatlar chirib, ekishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan edi.

Qalampir ko‘chatlari Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan va Qoraqalpog‘istonga yetkazib berilgan, shu yerda fermer xo‘jaliklari tomonidan ekilishi kerak edi...

Maqolamizda nega qalampir ko‘chatlari ekilmay qolgani, natijada chirib, chiqindiga aylangani, milliardlab pullar havoga sovurilgani, odamlarning mehnati esa zoye ketgani, katta zarar ko‘rilganini yoritishga, buning sabablarini aniqlashga urinib ko‘ramiz.

2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurganida, past hosilli paxta dalalarini qisqartirish, ularning o‘rnida  60-80 kunda pishib yetiladigan eksportbop achchiq qalampirni ekish, buni Respublikamizning boshqa viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

2018 yil 27 yanvarda Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda xorijiy tajriba asosida hududlarda achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Qarorni bajarish uchun, qalampir ko‘chatlari yetishtirishni ta'minlash va Respublika hududlariga yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi «GENERAL MACHINERY GROUP» (GMG) MChJ kompaniyasi tashkil qilindi.

Pishib yetilgan hosilni fermerlardan cheklanmagan miqdorda sotib olish esa «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi qoshida tashkil qilingan maxsus korxonalarga topshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi ana shunday korxonalardan biri - «ChiliUz» MChJga biriktirildi.

2018 yil 17 may kuniga qadar, GMG kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ko‘chat yetkazib beruvchi xususiy tomorqa yer egalari va fermer xo‘jaliklari bilan o‘zaro tuzilgan shartnoma asosida, To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal'a, Amudaryo, Shumanoy, Kegeyli, Chimboy va Qorao‘zak tumanlarida jami 98 600 000 dona qalampir ko‘chatlari yetishtirilib, 54 800 000 dona ko‘chat fermerlarga yetkazilib berildi.