10:44 / 28.05.2018
23085

Davlat turizm qo‘mitasiga yangi rais tayinlandi

Baxtiyor Umarov Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi xabar berdi.

Baxtiyor Nurutdinovich Umarov bunga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbari Ibrohim Abdurahmonovning birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelgan.

Baxtiyor Umarov
Foto: O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi

Qo‘mita raisining vazifalari quyidagilardan iborat: faoliyatini yalpi boshqarish va Qo‘mita oldiga qo‘yilgan barcha topshiriq va vazifalarni ijrosi yuzasidan shaxsan javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi;

umumiy belgilangan shtat miqdoridan oshirmagan holda, Qo‘mita markaziy apparati va hududiy boshqarmalarning shtat jadvalini hamda markaziy apparat, hududiy boshqarmalar va Qo‘mita qoshidagi tashkilotlarning xarajatlari miqdorini tasdiqlaydi;

qo‘mita markaziy apparati hamda hududiy boshqarmalarning tuzilish tartibi va bo‘limlari haqidagi nizomni tasdiqlaydi, Qo‘mita qoshidagi tashkilotlarning Ustavini tasdiqlaydi;

o‘rnatilgan tartibda Qo‘mita markaziy apparati, hududiy boshqarmalar hamda Qo‘mita qoshidagi tashkilotlarning xodimlarini ishga tayinlaydi va ishdan bo‘shatadi;

O‘zbekiston respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yurtimizning chet eldagi diplomatik vakolatxonalaridagi turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchilarni tayinlash va ishdan vazifasidan ozod etish yuzasidan takliflarini kiritadi;

qo‘mita vakolati doirasidagi masalalar bo‘yicha zarur hujjatlarni qabul qilish, raisning birinchi o‘rinbosari va rais o‘rinbosari, Qo‘mitaning boshqa xodimlari, hududiy boshqarmalar va tashkilotlari xodimlari vakolati, vazifalari va javobgarlik darajasini belgilaydi;

qo‘mitaning boshqa xodimlari, hududiy boshqarmalar va tashkilotlari xodimlari tomonidan bajarilishi shart bo‘lgan vazifalar yuzasidan buyruq va ko‘rsatmalar beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelgan Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari etib tayinlangani xabar berilgandi.

Top