Londonda birinchi marta o‘zbek so‘mida qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiya o‘tkazildi
18 may kuni London fond birjasida (London Stock Exchange) o‘zbek so‘mida «SamarkandBonds» nomiga ega, Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) obligatsiyalari joylashtirildi. Umumiy chiqarilgan hajm - 80 mlrd so‘m, qoplash muddati - 2 yil, kupon stavkasi - yiliga 9,5%, deb xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.
«So‘nggi yillarda XMK loyihalari amalga oshiriladigan mamlakatlarning milliy valyutasida o‘z obligatsiyalarini chiqarishni davom ettirmoqda. Korxonaning yuqori darajadagi kredit reytingi tufayli (AAA), bu qimmatli qog‘ozlar xalqaro kapital bozorida xorijiy investorlar orasida muvaffaqiyatli joylashtirilmoqda», - deyiladi xabarda.
Ushbu faoliyat doirasida, Yevropaning aktivlarni boshqarish bo‘yicha uchta kompaniyasi bilan obligatsiyalarni sotish bo‘yicha Kelishuv imzolandi. Bitimlarni tashkillashtirishni ING Capital Markets brokerlik kompaniyasi o‘z zimmasiga oldi. Ushbu obligatsiyalar shartlari bo‘yicha ma'lumotlar Bloomberg agentligi terminalida joylashtirilgan.
«Olingan mablag‘lar O‘zbekistonda kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun milliy valyutada kredit liniyasini ochishga yo‘naltiriladi», - deya aniqlik kiritgan Markaziy bank.
Xalqaro bozorda XMK obligatsiyalarining foiz stavkasi O‘zbekistonda valyuta tavakkalchiliklari uchun indikativ ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bu, ham tashqi moliyaviy institutlar va investorlarga, ham O‘zbekiston iqtisodiy idoralariga iqtisodiy vaziyatni baholashda yordam beradi.
«Ushbu bitim xalqaro kapital bozorlarida o‘zbek so‘mida qimmatli qog‘ozlar bilan o‘ziga xos birinchi amaliyot hisoblanadi. Xalqaro bozorlarda o‘zbek so‘mida ko‘rsatilgan obligatsiyalarning paydo bo‘lishi mamlakat obro‘siga ijobiy ta'sir ko‘rsatib, institutsional investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini oshiradi», - deya ta'kidlaydi Markaziy bank.
Mavzuga oid
15:43
Londonda O‘zbekiston dunyodagi eng yaxshi yangi sayyohlik yo‘nalishi sifatida tan olindi
17:05 / 02.11.2024
O‘zbekiston sentabr oyida eng ko‘p oltin sotgan davlatlar qatoriga kirdi
15:10 / 29.10.2024
London dezinformatsiya uchun RFning 3 agentligiga qarshi sanksiyalar kiritdi
11:50 / 23.10.2024