O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlarining yagona taqvimini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlarining yagona taqvimini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlarining yagona taqvimiga kuyidagi xalqaro va respublika miqyosida o‘tadigan tadbirlar kiritilishi mumkin:
xalqaro konferensiyalar, seminarlar va anjumanlar;
milliy va xalqaro ko‘rgazmalar hamda yarmarkalar;
milliy cholg‘ulardan iborat turli konsertlar;
sport musobaqalari va tadbirlari;
amaliy san'at namunalari namoyishlari;
milliy hunarmandchilik yo‘nalishidagi tadbirlar;
ommaviy teatr-tomosha va milliy o‘yinlar namoyishlari;
turizm va madaniy meros obektlaridagi tadbirlar;
boshqa madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlari.
Madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlarini moliyalashtirish ijrochilar va homiylik xayriyalari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
Quyidagilar taqvimni shakllantirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlari to‘g‘risida xorijiy sayyohlarning avvaldan to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishini ta'minlash;
turizm sohasida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga turizm xizmatlarini shakllantirish va ushbu xizmatlarni ko‘rsatish uchun axborot bazasini yaratish;
respublika hududida o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmalar, yarmarkalar, sport musobaqalari va tadbirlar, amaliy san'at namunalari namoyishi, milliy hunarmandchilik yo‘nalishlari asosidagi tadbirlar, ommaviy teatr-tomosha va milliy o‘yinlar namoyishlarida hamda boshqa madaniy-ma'rifiy tadbirlarda xorijiy mehmonlarning ishtirokini ta'minlash;
respublikaga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimining ko‘payishiga, ichki hamda tashqi turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish;
xalqaro turizm bozorida “O‘zbekiston” brendining keng miqyosda targ‘ib qilinishi hamda yoritib borilishini ta'minlash.















