Mirziyoyev prezidentlikka saylanganidan so‘ng mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq umumiy vaziyat ijobiy tomonga o‘zgara boshladi, deyiladi YeIning dunyo bo‘yicha inson huquqlari va demokratiyaga doir yillik hisobotida.
 
O‘zbekiston rahbariyati amalga oshirilayotgan jiddiy islohotlar dasturining bir qismi sifatida 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qildi hamda O‘zbekistonda inson huquqlariga doir vaziyatini yaxshilash uchun muhim chora-tadbirlarni amalga oshirdi, deya hisoblaydi YeI ekspertlari. 

«Hukumat korrupsiyaga qarshi kurash, sud tizimini isloh qilish, ma'muriy islohotlar o‘tkazish va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar shaffofligini oshirish uchun keng qamrovli chora-tadbirlarni tasdiqladi», - deyiladi YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi materiallarida.

Qiynoqlarga qarshi konvensiya majburiyatlarida, xuddi shuningdek, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va jinoyatchilikka oid qonunchiligida ham birdek ta'qiqlangan qiynoqlar va boshqa  g‘ayriinsoniy munosabatlarga barham berish maqsadida qamoqxonalar va boshqa hibsda ushlab turish (shu jumladan, voyaga yetmaganlarni) joylarida qonun buzilishi hollarini to‘xtatish uchun qadamlar qo‘yildi, deyiladi hisobotda. 

Xususan, YeIning xavotirlariga sabab bo‘lib kelayotgan bir qancha mahbuslar 2017 yili ozod etildi va umid qilinadiki, har yili Konstitutsiya kuni munosabati bilan e'lon qilinadigan, bu yil 2018 yilning yanvaridan mart oyiga qadar samarali amalga oshiriladigan amnistiya doirasida ham ushbu tendensiya davom ettiriladi.

YeI mamlakatda yashaydigan, lekin fuqarolikka ega bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik berish jarayonini ijobiy baholadi. Ta'kidlanishicha, barcha bo‘g‘inlardagi hukumat vakillari inson huquqlari va boshqa sohalarda xorijiy hamkorlar bilan bo‘lgan muloqotlarda yanada ochiqroq va konstruktiv yondashuv namoyon etdilar.  

«Ushbu ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha umumiy vaziyat murakkabligicha qolmoqda va kelgusida uni yanada yaxshilash zaruriyati mavjud. Mahbuslarning qamoq muddatlarini asossiz ravishda uzaytirish hollari, nodavlat tashkilotlarining faoliyatlarini haddan ziyod nazorat qilish, so‘z, axborot va diniy erkinlar hamda yig‘inlar o‘tkazish va uyushmalar tuzish erkinliklari bilan bog‘liq sohalarda Inson huquqlari xavotirlari saqlanib qolmoqda», - deya ta'kidlanadi hisobotda.

Bundan tashqari, O‘zbekistondan hibsda ushlab turish joylarida samarali monitoring tizimi yaratishi mumkin bo‘lgan Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Qo‘shimcha Protokoli ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda.