Jahon | 17:01 / 30.05.2018
14955
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Arkadiy Babchenkoning o‘limi bo‘yicha bayonot berdi

Foto: RIA Novosti / Stringer

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma'lum qilishicha, Moskva Kiyevda rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko o‘ldirilganini qoralaydi. Bu haqda Gazeta.ru xabar bermoqda.

Shuningdek, uning ta'kidlashicha, Kreml qotillik shunchaki nomigagina tergov qilinmasligidan umid qilmoqda. U ro‘y bergan hodisani fojia, deb atadi.

«Bu yerda boshqa narsaga e'tibor qaratish lozim. Birinchisi - fojia yuz berdi, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi halok bo‘ldi. Uning katta oilasi boquvchini yo‘qotdi, hamda biz yaqinlari va do‘stlariga hamdardlik bildiramiz», - dedi Peskov Babchenkoning o‘ldirilishi Rossiya hamda Ukraina munosabatlariga qanday ta'sir qilishi bo‘yicha savolga javob qaytarib.

29 may kuni Kiyevda rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko o‘ldirildi. Babchenko 2017 yilning 21 fevral kuni Rossiyani tark etishga majburligi, bunga o‘ziga to‘xtovsiz tahdid qilishayotgani sabab ekanini ma'lum qilgandi. U 2017 yilning oktabridan 2018 yilning may oyiga qadar ATR telekanalidagi «Prime: Babchenko» dasturini olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman Rossiya Babchenkoning o‘limiga aniq aloqador ekanini ma'lum qilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid