O‘zbekiston | 17:31 / 30.05.2018
10720
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri AQShdagi taniqli shifokor Joldas Quljonov bilan uchrashdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov AQShning yetakchi klinikalaridan biri — Sent-Luis universitetining Ortopedik jarrohlik departamenti rahbari, taniqli mutaxassis, vatandoshimiz Joldas Quljonov bilan uchrashdi. Bu haqda Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani, ayniqsa, prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda ushbu davlatga amalga oshirgan tarixiy tashrifi o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochgani alohida ta'kidlandi.

Mashhur shifokor prezidentning tibbiyot sohasiga qaratayotgan yuksak e'tibori, xususan, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish borasida olib borayotgan oqilona siyosatini alohida e'tirof qildi. 2017 yil boshida prezidentning xorijda faoliyat olib borayotgan malakali shifokorlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha bergan topshiriqlari, shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli yuzga yaqin tibbiyot mutaxassisi O‘zbekistonga qaytganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

J.Quljonov, o‘z navbatida, ko‘plab vatandoshlarimiz qatori mamlakat sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, bilim va tajribasiga tayanib, mamlakat tibbiyoti rivojiga hissa qo‘shish, davlat rahbarining da'vatiga “labbay” deya javob berishga doimo tayyor ekanini bildirdi.

Joldas Quljonov asli nukuslik bo‘lib, 1989 yilgacha Nikaraguada va “Paxtakor”  futbol klubi shifokori sifatida faoliyat yuritgan. 1989 — 1995 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasining travmatologiya va ortopediya bo‘limi  rahbari bo‘lib ishlagan. O‘shandan buyon tajribali travmatolog-ortoped  Amerika Qo‘shma Shtatlarda faoliyat ko‘rsatmoqda.

U ayni paytda AQShda yiliga 700dan ziyod eng murakkab operatsiyalarni muvaffaqiyatli o‘tkazish bilan birga, universitet klinikasida qator davlatlarning travmatolog-ortopedlariga ta'lim beradi, dunyoning nufuzli tibbiyot markazlarida mahorat darslari olib boradi. J.Quljonov besh marotaba AQShda yilning eng yaxshi shifokorlaridan biri sifatida e'tirof etilgan.

Uchrashuvda vatandoshimiz O‘zbekiston tibbiyotini yanada rivojlantirish g‘oyatda muhim ekanini aytib o‘tdi. Buning uchun esa bor kuch va g‘ayratini safarbar etishga tayyor ekanligiga urg‘u berdi. 

Shuningdek, J.Quljonov O‘zbekistonda mo‘ljallagan katta ishlarining boshlanishi sifatida shu yilning 23 iyun – 3 iyul kunlari Sent-Luis va San-Diyegodagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridagi nufuzli neyroxirurg, neyrofiziolog, urolog, travmatolog-ortoped va boshqa shifokorlar guruhlarining mamlakatga tashrifini amalga oshirishini  bildirdi.

O‘zaro muzokaralar so‘nggida shifokor O‘zbekiston rahbariyatining mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishga qaratayotgan e'tibori, qolaversa, Amerikaning sohadagi ilg‘or tajribasini tatbiq qilish natijasida O‘zbekiston tibbiyoti modernizatsiyasi uchun keng istiqbollar eshigi ochilishini ta'kidladi. 

Mavzuga oid