Soliq konsepsiyasi e'lon qilinganiga, darhaqiqat, 2 oydan oshdi. Ming xil fikrlar yangradi, bahs-u munozaralarning cheki yo‘q. Soliq konsepsiyasi e'lon qilingan majlisda men ham qatnashdim. Yangi konsepsiya a'lo darajada ishlab chiqilgan.

Bugunga qadar matematika tili bilan aytganda, “Soliq — bu logarifm “a” asosga ko‘ra, “b”ni logarifm “a” asosga ko‘ra “s” ga ko‘paytirib, chiqqan sonning hosilasini hisoblab chiqarasiz hamda asoslarining yuzi bir-biridan uch baravar farq qiladigan kesik konusning ichida tomonlari kesik konusga tegib turgan sharning hajmini hisoblab chiqib, qaysi katta bo‘lsa o‘sha miqdorda soliq hisoblash san'ati”, desam yanglishmagan bo‘laman.

Aslida qanday bo‘lishi kerak? Aslida, soliq — 2 × 2 = 4 kabi bo‘lishi lozim. Hech qanaqa qo‘shimcha hisob-kitoblar, biz bilmagan qaysidir hujjatning falon betidagi 8 keglli shrift bilan yozilgan “qoidachalar” bo‘lmasligi kerak.

Kontseptsiyada ko‘rsatilgan Soliq dasturi ishlab chiqilib, hamma shu dasturda schyot-faktura yozsa va onlayn (real vaqtning o‘zida soliq bazasida ko‘rinib turadigan) terminallar ishlasa, “daromadlarni yashirish”, degan muammodan qutular edik. Dasturni o‘zi, kameral nazorat avtomatik tarzda tahlil qilib tursa, soliqni kamaytirish muammolariga barham berilardi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga, xalqaro ekspertlarga va shaxsan Yuliy Yusupovga soliq sohasidagi inqilobiy qadamlarni tashlagani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Endi ushbu konsepsiyaga tadbirkor nuqtai nazaridan qarab, tahlil qilsak.

Tadbirkorlik faoliyatida korrupsiya eshiklari nechog‘lik yopilmasin, agar moliyaviy jihatdan to‘g‘ri ishlash manfaatli bo‘lmasa, korrupsiya baribir mavjud bo‘lib qolaveradi. Ya'ni, biz shunday tizim yaratishimiz kerakki, tadbirkor korrupsiya yo‘lidan yursa unga moliyaviy zarar yetishi kerak, shundagina korrupsiyaning oldi olinadi. Bu soliq konsepsiyasini ishlab chiqishda bosh maqsad bo‘lib qolishi lozim.

Tadbirkor qanday qilib bo‘lsa-da, o‘zini ham, xodimlarini ham moliyaviy ta'minlashi zarur. Xodim bilan ish haqi kelishilganda, tadbirkor pul topib berish uchun 2 ta yo‘lni o‘ylab ko‘radi. Ya'ni, “Korxonamga tushgan pulni yo ish haqi ko‘rinishida yo dividend ko‘rinishida olaman. Yoki bir qism ish haqi bir qism dividend ko‘rinishida olib, xodimlarimni ham, o‘zimni ham pul bilan ta'minlayman”, deb hisoblaydi.

Soliq konsepsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda dividend ko‘rinishida pulni yechib olish maqsadga muvofiq emas, aqlli tadbirkor sof foydasini qayta investitsiyalash uchun ishlatishi lozimligi ta'kidlandi. Afsuski, bunaqa fikrlar bilan butun dunyoda mavjud bo‘lgan moliyaviy instrumentni bekor qilib bo‘lmaydi. Tadbirkorning o‘ziga qo‘yib berish kerak: pulni u topgan, qanday sarf qilishi ham uning ishi.